Prezident Bush Iroqda xizmat muddatini uch oyga kamaytirdi


AQShning Iroqdagi qo’mondoni general Deyvid Petreyus va elchisi Rayan Kroker Senatdagi ikki qo’mitaga hisobot bergach, Vakillar Palatasida ham kongressmenlar tomonidan so’roqqa tutildi. Ko’pchiligi demokratlar va urushga qarshi qonunchilardan iborat palata asosiy savolga javob olmoqchi bo’ldi: AQSh qo’shinlari Iroqda yana qancha bo’ladi?

Qonunchilar Iroq xavfsizlik kuchlari va armiyasining ahvoli, urushning AQSh armiyasi va iqtisodiyotiga ta’siri bilan ham qiziqdi.

Qurolli kuchlar qo’mitasi raisi Ayk Skelton AQSh harbiylarining katta sonda Iroqda qolishi uchun qanday sabab bor deb so’raydi.

General Petreyus va elchi Kroker Senatdagi javoblarini qaytarib Iroqda erishilgan yutuqlarni mustahkamlash kerak, al-Qoida talafot ko’rayotgan bo’lsada hali tor-mor etilmagan dedi.

Petreyus iyul oxirida 20 ming askar Iroqdan chiqarilgach, qo’shimcha harbiylarni vatanga qaytarishdan oldin kelasi 45 kun ichida Iroqdagi vaziyatni tahlil qilishni tavsiya qilmoqda. Ayni damda Iroqda AQShning 160 ming qo’shini bor.

Urush davomiyligining mavhumligi aksariyat qonunchilarni, ayniqsa demokratlarni xavotirga solmoqda. General Petreyus va boshqalar esa urush yana qancha davom etishini aniq aytolmayapti. Respublikachilar o’z navbatida Bush siyosatini himoya qilishga harakat qilyapti.

Kaliforniya shtatidan respublikachi kongressmen Dunkan Xanterning aytishicha, urush muhlatlarga bo’ysunmaydi.

Bugun prezident Bush harbiylarning Iroqda xizmat qilish muddati 15 oydan 12 oyga qisqartirilishini e’lon qiladi. Biroq bu qaror Iroqqa 1 avgustdan keyin safarbar etiladigan askarlarga taalluqli.

XS
SM
MD
LG