Breaking News

Demokratlar prezident Bush qarorini tanqid qilmoqda


Prezident Bush AQShning Iroqdagi qo’mondoni va elchisi tavsiyalariga tayanib chiqargan so’nggi qarorlari demokratlar tomonidan tanqid qilinmoqda. Respublikachilar esa aksincha qo’shinlarning Iroqda xizmat o’tash muddatini qisqartirish rejasini yoqlamoqda.

General Deyvid Petreyus va elchi Rayan Krokerning Kongressdagi tinglovlarda aytishicha, iyul oyida 20 ming askar Iroqdan chiqarilgandan so’ng 45 kun davomida vaziyat tahlil qilinadi va shundan so’nggina qo’shimcha askarni chiqarish qayta ko’rib chiqiladi.

Ayni damda Iroqda AQShning 160 ming askari bor.

Senatda ko’pchilikni tashkil qilgan demokratlar sardori Garri Ridning aytishicha, Bush qo’shinlarni hali-beri vataniga qaytarmoqchi emas.

Vakillar Palatasi spikeri, demokrat Nensi Pelosi fikricha Iroq urushi armiya diqqatini terrorga qarshi haqiqiy urush ketayotgan Afg’onistondan chalg’itmoqda.

Prezident Bushning Iroqda xizmat qilish muddatini 15 oydan 12 oyga qisqartirish qarori Iroqqa 1 avgustdan keyin safarbar etiladigan zobitlarga taalluqli.

Iroq urushi faxriylaridan tuzilgan tashkilot rahbari Bobbi Myuller Bush qaroridan foyda yo’q deydi.

Biroq respublikachilar prezident qarorini qo’llab-quvvatlamoqda. Senator Jon Kornin nazarida qo’shinlarni vaziyatga qarab chiqarish kerak.

"Qo’shinlarimiz Iroq hukumati o’z-o’zini boshqarish va himoya qilishga tayyor bo’lgandan keyingina vatanga qaytishi mumkin. Aks holda milliy manfaatlarimizga zarar yetadi."

"Nahotki Kongress Iroqdagi vaziyat haqida general Petreyusdan ko’proq bilsa," deydi kinoya bilan yana bir respublikachi senator Lindzi Grexem demokratlarning qo’shinlarni chiqarish uchun aniq muhlat belgilash kerakligi haqidagi talabiga javoban.

XS
SM
MD
LG