O'zbekistonda bolalar mehnatining og'ir shakllari taqiqlandi


O`zbekiston “Bolalar mehnatining og`ir shakllarini taqiqlash va yo`q qilishga doir shoshilinch choralar to`g`risida”gi Jeneva konvensiyasini ratifikatsiya qildi.

Huquq himoyachilarining aytishicha, ratifikatsiya qilingan xalqaro konvensiya qanday samara berishini bu yilgi paxta terimi ko`rsatadi.

Xalqaro konvensiya ratifikatsiya qilinishidan avval bolalar huquqlarini kafolatlashga doir qonun qabul qilingan edi.

Mazkur qonunda bolalar mehnatining og`ir shakllari haqida aniq ma`lumot berilmagan. Unda maktab o`quvchilarini majburiy mehnatga jalb etish taqiqlanib, ayrim hollarda ota-ona ruxsati bilan yengil ishlarga jalb etish mumkinligi qayd etiladi.

Paxta yig’im-terimi boshlangach, O`zbekistonda bolalar ommaviy tarzda paxta dalalariga safarbar etiladi.

Konvensiyada bolalarni, xususan, maktab o`quvchilarini paxta dalasiga olib chiqishni taqiqislash haqida hech narsa deyilmaydi.

Huquq himoyachilari fikriga ko`ra, hukumat qarori qanchalik ish berishini bu yilgi paxta terimi ko`rsatadi.

“Men ishonmayman bu narsaga. O`zbekiston paxtani terib olish uchun yetarli texnikaga ega emas. Bolalarni jalb etishga majbur. Yoki o’quvchilarni ishlatmayman desa, fermerlarga erkinlik bersin. Paxta narxini ko`tarsin. Aholini majburan chiqarish mumkin, lekin bunaqada paxtani yig’ib olish qiyin ”, - deydi jizzaxlik huquq himoyachisi Ma`murjon Azimov.

Bolalar mehnatidan foydalanilgani uchun dunyoda o`zbek paxtasini boykot qiluvchi kompaniyalar safi kengayib bormoqda.

Sharhlovchilar nazarida Jeneva konvensiyasining ratifikatsiya qilinishi, bolalar huquqlarini kafolatlash haqidagi qonunning qabul qilinishida shu boykotlar, G`arb-O`zbekiston muzokaralarining o’rni katta.

Mavjud fikrga ko’ra, bolalar huquqlarini poymol qilish holatlarini nafaqat paxta terimida, balki ta`lim jarayoni, umuman kundalik turmushda ko’rish mumkin.

“Kecha shaharga chiqqandim, o`quvchilar shaharni tozalab yurishibdi. Yoki yosh-yosh maktab bolalari bozorda arava sudrab yuribdi. Ularni hayot, hozirgi iqtisodiy sharoit majbur qilayapti arava tortishga yoki mardikor bozoriga chiqishga”, - deydi Ma`murjon Azimov.

Maktab o`qituvchisi Zayniddin Raimovning aytishicha, o`quvchilar haqiqatan ham darslarni qoldirib, bozorlar tirikchilik qilmoqda. Ta’lim jarayonida o`quvchilar zimmasiga tushayotgan boshqa muammolar yetarli deydi u.

Uning aytishicha, hozir qishloq xo’jaligi va umumta`lim maktablari bir-biriga bog`liq sohaga aylangan.

“Rayonodan maktab uchun qandaydir yer ajratilgan. U yerga paxta ekish kerak va daromad olib, davlat rejasini bajarish kerak. U shunaqangi yerki, to`qay, sho`rlangan, hech narsa unmaydi, shuning uchun oylikdan ushlab qolishadi. Nima ekan, o`sha joyga xarajat qilinishi kerak va planni bajarish kerak”, - deydi maktab o`qituvchisi.

O`zbekistonda bolalar huquqlarini kafolatlash haqidagi qonun qabul qilindi, xalqaro konvensiya ratifikatsiya qilindi. Biroq bu islohotlar bolalar, maktab o`quvchilarini ommaviy mehnatga jalb qilish muammosini hal qilishda qanday samara berishi aniq izohlab berilganicha yo`q.

XS
SM
MD
LG