O'zbekistonda maosh va narx-navo birga oshadi


Xalqaro moliyaviy tashkilotlar nazarida jahonda oziq-ovqat mahsulotlari bahosining oshayotgani ocharchilikni avj oldirishi va siyosiy-ijtimoiy vaziyatni izdan chiqarishi mumkin.

O`zbekistonda narx-navoning tobora ko’tarilib borayotgani jamoatchilikka tushuntirilmaydi va axborot vositalarining iqtisodiy ko’rsatkichlarni tahlil qilishga haddi sig’maydi.

Prezident farmoniga ko`ra, 1 aprelidan boshlab oylik maosh va nafaqalar miqdori oshirildi. Shu bilan birga bozordagi narx-navo, elektr toki, issiq va sovuq suv, komunal xizmatlar va jamooat transportida yo’l haqi ko`tarildi.

Mustaqil axborot vositalari prezidentning maoshlarni oshirish haqidagi farmonini "bir so`m berib, ikki so`m olish" deya baholaydi. O`zbekistonda eng kam oylik ish haqi 20 ming so`mdan oshiq qilib belgilandi. Hozir bu pulga bozorda ikki kilodan sal ko’proq go`sht olish mumkin.

Prezident televideniye orqali chiqishlarining birida O`zbekistonda o`rtacha ish haqi 210 dollarni tashkil etayotganini takidlab o`tgan edi.

Biroq davlat budjetidan moliyalanuvchi muassasalarda, xususan, maktab va kasalxonalarda bunday maosh oluvchilar deyarli yo`q.

Bozorda oziq-ovqat bilan savdo qiluvchi fuqaroning aytishicha, u hozir o`rtacha oylik qancha ekani haqida tushunchaga ega emas, biroq maosh 200 ming so`m bo`lgan taqdirda ham trikchilikka yetkazib bo`lmaydi.

"Hozirgi narx-navoga qarasak, 200 ming so`m hech narsa emas. Aholini qiynab turgan asosiy muammo shuki, hozir paxta yog`i erkin savdoda yo`q, mol go`shti 6 ming so`m atrofida, qo`y go`shti 7-8 ming so`mdan olayapmiz. Toparmon-tutarmon olib ketaveradi, lekin ishsizlarga yoki davlat maoshiga ishlaydiganlarga qiyin", - deydi u.

"Bug`doy narxi ko`tarilishi munosabati bilan Qozog`iston va Xitoy hukumati aholi manfaatlaridan kelib chiqib, choralar ko`rdi. Bizning hukumat jim. Buning orqasida nima turibdi, biz bilmaymiz. Narx-navo o`sgan paytlarda olomonning qachon junbushga kelishi, ko`chalarga chiqishi ham noma`lum. Aholining kam ta`minlangan qismi qanday holatga tushadi, buni ham bilish qiyin", - deydi iqtisodchi Jahongir Shosalimov.

Uning so’zlariga qaraganda, O`zbekiston ijtimoiy portlash xavfi kuchli bo`lgan davlatlardan. Qashshoqlik darajasi, narx-navo o`sishi, ijtimoiy siyosat bunga turtki beruvchi omillardan.

""O`zbekiston" navli un bor, hech narsaga yaramaydi. Qishloq joylarda o`shani sotishayapti 400-500 so`mdan, qaysidir ma’noda shu saqlab turibdi. Lekin bu bilan uzoqqa borib bo`lmaydi. O`tgan yil g`allakorlarning juda katta qismi zarar ko`rgan. Yashash imkoni qiyinlashgandan keyin, davlat oyligiga ishlaydiganlar poraxo`rlik, o`g`rilik qilishga majbur bo`ladi. G`ayriisnoniy sharoitda yashash esa jamiyatda zulmni rivojlantiradi. Aholi noroziligini doimiy ravishda kuch bilan ushlab turishning iloji yo`q", - deydi Shosalimov.

Dunyoda guruch bahosining ko`tarilishi O`zbekiston bozorlarida aks-sado berganicha yo`q. Shuningdek, hukumat aholini o`simlik yo`g`i bilan ta`minlash bo`yicha ham chora-tadbirlar ko`rdi. Paxta yog`ini 1,5 ming so`mdan yuqori narxda sotishni taqiqladi, mahalla qo`mitalari orqali yog` sotishni yo`lga qo`ydi.

Sharhlovchilarning aytishicha, ayni paytda O`zbekiston fuqarolarining 5-6 millioni tashqarida. Asosiy mehnat kuchini tashkil etayotgan shu muhojirlar yuborayotgan mablag` mamlakat ichidagi vaziyatni bir qadar barqarorlashtirib turibdi.

XS
SM
MD
LG