Breaking News

Kondoliza Rays: Afg'oniston NATO uchun sinov


AQSh Davlat kotibasi Kondliza Raysning aytishicha, afg’on urushi NATO uchun muhim sinovdir. Rays Alabama shtatidagi harbiy-havo bazasida terrorga qarshi kurash, Afg’oniston va NATO mavzusida nutq so’zlagan.

NATOga a’zo ayrim davlatlar qo’shinlarini jangovar zonalariga yuborishni istamaydi. Yaqinda Buxarestda o’tgan sammitda Qo’shma Shtatlar ularni faolroq bo’lishga chaqirgan, chunki Afg’oniston hukumatining Tolibon ustidan g’alaba qozonishidan G’arb ham manfaatdor.

"Afg’oniston ortiq terrorchilar maskaniga aylanmasligi lozim. 11 sentyabr voqealarini uyushtirgan, ittifoqchilarimizga xurujlar qilayotgan terrorchilar maskaniga," deydi Rays.

Uning aytishicha, Afg’onistonda tinchlikparvar operatsiya emas, jangarilarga qarshi haqiqiy urush ketyapti. Tolibon prezident Hamid Karzay hukumatini ag’darmoqchi. Toliblar mag’lub etilsa, qoradori savdosi kamayadi, vaziyatni beqarorlashtirishga urinayotgan Eron harakatlariga barham beriladi, Janubiy va Markaziy Osiyoda siyosiy va iqtisodiy erkinlikka yo’l ochiladi, deydi AQSh davlat kotibi.

Rays Pokistonda hokimiyat tepasiga kelgan yangi hukumat bilan do’stona aloqalar o’rnatilishi haqida ham gapirgan.

"Pokistondagi demokratik hukumat terrorga qarshi urush uchun yangi strategik imkoniyat yaratmoqda. Biz terrorchilarga qarshi kurashibgina qolmay, terrorizmni keltirib chiqarayotgan omillarni ham yo’q qilishimiz kerak. Siyosiy erkinlikka yo’l ochishimiz lozim," deydi Kondoliza Rays.

XS
SM
MD
LG