AQSh jahonni ochlikdan saqlashga yordam beryapti


Bush ma’muriyatiga ko’ra, Qo’shma Shtatlar ochlikka yuz tutayotgan davlatlarga qo’shimcha yordam beradi. Jahon bo’ylab oziq-ovqat narxlarining qimmatlashishi mahsulotlar kamomadi va ochlikka olib kelmoqda.

O’tgan yili AQSh o’nlab mamlakatlarga ochlikka qarshi kurash uchun ikki milliard dollardan oshiq pul ajratgan.

Oq Uy so’zlovchisi Dana Perinoning aytishicha, ma’muriyat bu safar ham yordam berish yo’llarini muhokama qilib, AQSh Davlat departamenti va Xalqaro taraqqiyot agentligidan tavsiyalar kutmoqda.

Hozircha aniq bir mamlakatlar haqida gap ketayotgani yo’q. Oziq-ovqat tanqisligi butun dunyo bo’yicha muammoga aylangan. Bir necha kun burun Gaiti parlamenti oziq-ovqat narxlarining ko’tarilishining oldini ololmagani uchun bosh vazirni lavozimidan bo’shatgan.

Oq uy vakili fikricha, muammoning ham qisqa, ham uzoq muddatli oqibatlarini hal qilish zarur.

"Talab, transport va yonilg’i xarajatlari oziq-ovqat narxlarining ko’tarilishidagi muhim omillar. Yana biri iqlim o’zgarishi. Avstraliyadagi qurg’oqchilik sabab bug’doy hosili kutilganidek bo’lmadi, natijada narx ko’tarilib ketdi," deydi Dana Perino.

Jahon Banki hisobiga ko’ra, oziq-ovqat narxlarining qimmatlashishi 100 millionga yaqin kishini yanada qashshoqlashtirishi mumkin. Bank prezidenti Robert Zellik buning oldini olish uchun rivojlangan davlatlarni 500 million dollar ajratishga chaqirmoqda.

XS
SM
MD
LG