Breaking News

Iroq urushi AQSh xazinasiga qimmatga tushmoqda


Iroqda urush boshlanganiga besh yildan oshdi. Minglab amerikalik va iroqliklar hayotini olib ketdi. Urush AQSh xazinasiga ham katta zarar yetkazdi.

Iqtisodchi va siyosatchilar urush AQSh soliq to’lovchisiga qanchaga tushayotganini bilmoqchi. Biroq buni aniqlash oson emas, shu sabab hamisha turlicha raqamlar keltiriladi, deydi iqtisodchilar.

Jozef Shtiglits iqtisodiyot bobida Nobel mukofoti laureati. Uning aytishicha, shu paytgacha urushga bir trillion dollardan ko’p pul sarflangan, biroq urush oxirigacha xarajatlar uch trillion dollarga yetishi mumkin.

"Biz hisoblagan xarajatlarda urushdan nogiron bo’lib qaytgan faxriylarga moliyaviy yordam va tibbiy sug’urta ham inobatga olingan. Askarlarning 40 foizi tibbiy yordamga muhtoj bo’lib qaytadi," deydi Shtiglits.

Kongressning byudjet idorasi urush xarajatlarini kamaytirib ko’rsatmoqda. Biroq hech kim xarajatlar oxir-oqibatda bir trillion dollarga yetishini inkor etayotgani yo’q.

2003 yili urush boshlanmasidan oldin jurnalistlar o’sha paytdagi Mudofaa vaziri Donald Ramsfelddan urush qanchaga tushishi haqida so’ragan edi.

Davlat byudjet idorasi hisobiga ko’ra, 50 milliard dollardan oshmasligi kerak, degan edi Ramsfeld.

Jurnalistning “mustaqil manbalar 300 milliard deyapti” degan gapiga Ramsfeld “quruq safsata” deya javob qaytargan.

Tahlilchilar nazarida Bush ma’muriyati urush bunchalik cho’zilib ketadi deb o’ylamagan. Shuning uchun ham urushdan oldingi hisoblar va bugungi raqamlar o’rtasida farq ancha katta.

Professor Shtiglitsning kinoya qilishicha, urush boshida turganlar asosiy muammo ko’chalarni amerikalik askarlar ustidan tashlangan gullardan tozalash bo’ladi deb o’ylagan.

Oq Uy nazarida xarajatlar vaziyatga qarab o’zgarib boradi.

Kongress uchun byudjet hisoblari bilan shug’ullanuvchi idora rahbari Piter Orshagning aytishicha, turli manbalar urush xarajatlarini turlicha hisoblamoqda. Shtiglits o’z hisoblarida, deydi Orshag, Iroq va Afg’oniston faxriylari uchun qo’shimcha tibbiy sug’urta xarajatlarini ham qo’shgan.

Urush uchun olingan tashqi qarzga qo’yilgan foiz stavkasi ham xarajatlarni ko’paytirmoqda, deydi yana bir mutaxassis Stiv Kosyak.

"O’tmishdagi urushlarni soliqlarni ko’paytirib, boshqa sohalarga ajratilgan pulni kamroq sarflash hisobiga moliyalardik. Bu safar esa pulni chetdan olganmiz. Bu pulning foiz stavkasi kelasi o’n yil ichida bir necha yuz milliard dollarni tashkil etishi turgan gap," deydi Kosyak.

Biroq urushdan eng katta zarar ko’rganlar bu janglarda qurbon bo’lgan harbiylar oilalaridir. Ular urush xarajatlarini farzandlarining hayoti evaziga qoplamoqda.

XS
SM
MD
LG