Xotin-qizlar manfaatini ko'zlovchi yangi global tashkilot


Bugun dunyoda millionlab ayollar yo’qsillikda hayot kechirmoqda. Buning sabablari esa turlicha: moliyaviy va ta’lim imkoniyatlarining cheklangani, oila, jamiyat va davlat boshqaruvida ayollar manfaati va fikrining inobatga olinmasligi va hokazo.

Yaqinda faoliyat boshlagan global tashkilot ayollar orasida kambag’allikka chek qo’yishni maqsad qilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko’ra, dunyoda 1.2 milliard kishi qashshoqlikda hayot kechirsa, ularning 70 foizi xotin-qizlar. Savodsiz odamlarning uchdan ikki qismi ham ayollar.

Deyarli har bir davlatda ayollar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar mavjud. Lekin, BMT nazarida, ularning ko’pi hukumat manfaatlari uchun xizmat qiladi, oddiy xotin-qizlarni qiynayotgan muammolarni hal etishni amalda asosiy vazifa deb bilmaydi.

Yaqinda Ayollar, E’tiqod va Taraqqiyot Alyansi deb nomlanuvchi, byudjeti 1 milliard dollardan ziyod yangi xalqaro tashkilot vujudga keldi. Tashabbus ortida qator mamlakatlarning prezidentlari, rahbarlari, ayol arboblar va tadbirkor xotin-qizlari turibdi. Jumladan Liberiya prezidenti Ellen Jonson-Sirlef, AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton, Iordaniya qirolichasi Nur, Irlandiya sobiq prezidenti Meri Robinson, Kanada sobiq bosh vazirasi Kim Kempbell va boshqalar.

Bir paytlar AQSh davlat kotibasi, ya’ni tashqi ishlar vazirasi bo’lgan Madlen Olbrayt bu tashkilot raisi. Ko’plab davlatlarda ayollar huquqiga doir qonunlar qabul qilingan, ammo bu bilan ularning hayoti yaxshilanib qolayotgani yo’q deydi Olbrayt xonim.

“Shahar va qishloqlarda ayollarni zo’rlash va tahqirlash hollari kundalik holga aylangan. Bilasizmi, ayrim davlatlardan qizlarning jinsiy a’zolari hamon kesib tashlanadi. Ayollarga bildirmay ularning homilasi olib tashlanadi. Qiz bola bo’lib tug’ilgani uchun chaqaloqlarni o’ldiriladi… Ba’zi millat va elatlar bu urf-odat deyishi mumkin, lekin insonni azoblash nahotki biror xalq uchun qadriyat bo’lsa… Bunday jinoyatlarga barham berish xalqaro hamjamiyat zimmasida,” - deydi Madlen Olbrayt.

Xotin-qizlarning qashshoqlik bilan yuzlashishiga hukumat aybdor deydi yangi tashkilot a’zolari. Ular fikricha ayollar uchun ta’limiy, iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlar yaratish bilan jamiyat oldinga siljiydi. Ona salomat, to’q va bilimli bo’lsa, sir emaski, kelajak avlod ham sog’lom va ongli bo’lib yetishadi.

XS
SM
MD
LG