Yusuf Juma erkin so'z va fikri uchun panjara ortida


Taniqli shoir va muxolifatchi Yusuf Juma Buxoro shahar sudi tomonidan besh yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. O’g’li Bobur esa uch yillik shartli qamoq jazosi bilan sud zalidan ozod qilingan.

Shoir hokimiyat vakilini haqorat qilganlik, unga bo’ysunmaganlik va tan jarohati yetkazganlikda aybdor deb topilgan. Mahalliy faollar nazarida esa Yusuf Juma erkin so’z va fikri uchun jazolanmoqda.

Sharhlovchilar ta’biricha O’zbekiston hukumati Yevropa Ittifoqi bilan inson huquqlari bo’yicha muzokarada yana bir ta’sir vositasini qo’lga kiritdi – Yusuf Jumani 5 yil qamoq jazosiga hukm qildi.

“Yusuf Juma shoir sifatida ham, huquq himoyachisi sifatida ham taniqli odam. Uni darrov bo’shatib yuborish mumkin emas. Bundan hukumat o’zini tashqi bosimlardan muhofaza qilish uchun foydalanadi. O’zbekistonda qonuniy sud jarayoni bo’lishi mumkin emas. Yevropa Ittifoqi yoki AQSh bilan kelishuv natijasida hukumat o’ziga ma’qul kelgan mahbuslarni ozod qilishi mumkin. Bu bir o’yin. Avval ham shunday bo’lgan va davom etayaptii”, - deydi “Erk”partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.

Sudda Yusuf Juma ayblovni tan olmagan, o’ziga nisbatan bosimlar haqida gapirgan. Biroq sud shoir ko’rsatmalarini inobatsiz qoldirgan. Advokat Ruhiddin Komilovning aytishicha shoirning aybi biror dalil-isbotlar bilan tasdiqlanmagan. Agar sud halol va adolatli o’tganda bunday jazo berilmas edi, deydi u.

“Negaki, u o’z ko’rsatmalarida aytib o’tganidek, hech qanday jinoyat sodir etmagan. Shoir advokatdan voz kechish jarayonida adolatli sud bo’lishiga ishonaman degan edi. Lekin afsus bunday bo’lib chiqmadi. Advokatdan voz kechilishida shu tomonlar ham nazarga olindi. Negaki men tazyiqlar bo’lgani haqida tegishli idoralarga shikoyat ariza berdim. Javobsiz qoldi. Haqiqat yashirildi”, - deydi advokat.

Sud jarayonida Yusuf Juma unga nisbatan ayblov uyushtirilganini aytgan.

“Dadamning sog’lig’i yomon. Bugungi sudda unga so’z berishmagan ham. Faqat o’zlari suddan “Otbozor” hibsxonasida ko’p ushlamaslikni, tezroq qamoqxonaga, koloniyaga jo’natishni iltimos qilganlar”, - deydi shoirning qizi Feruza.

Yusuf Juma o'tgan yili prezident Islom Karimov iste’fosini talab qilib piket o’tkazgan edi. Piket militsiya tomonidan bostirilgach, shoir qochishga muvaffaq bo’lgandi. Shundan so’ng uning uyi militsiya tomonidan qamal qilindi. O’zi qidiruvga berildi. Dekabr oyida Yusuf Juma o’g’li Bobur bilan Yangiyo’lda hibsga olingan edi.

Yaqinda qamoq jazosini o’tayotgan yana bir huquq himoyachisi - Mo’tabar Tojiboyeva operatsiya qilingani haqida xabar tarqaldi.

“Opamni “Sangorod”ga olib ketilgani, operatsiya qilingani bizdan yashirilgan. Eshitishimizcha, jarrohlik usuli bilan bachadoni olib tashlangan. Bu izolyatorda yotaverib, shamollashning asorati”, - deydi faolning ukasi Rasul Tojiboyev.

XS
SM
MD
LG