Demokratiya targ'iboti to'g'ri siyosiy strategiyami?


Zo’ravonlik va qashshoqlik domiga botgan davlatlarni qay asosda tiklash kerak?

Amerika Iroq va Afg’onistonda “demokratik jamiyatlar quramiz” deya bong urar ekan, ayrimlar fikricha balki bu mamlakatlarda tinchlikka erishish uchun ularga yot mafkura va g’oyalarni majburan joriy etmay, qanday tuzum o’rnatish lozimligini xalqning o’ziga qo’yib berish kerakdir.

Siyosiy va iqtisodiy taraqqiyot yo’lida ishlovchi nohukumat tashkilotlar nazarida esa beqaror mamlakatlar har qanday sohada tashqi dunyo yordamiga muhtoj.

Iroqning Irbil shahrida Chilura Hardiy “Xotin-qizlarni zo’rlashni bas qiling”! shiori ostida san’at ko’rgazmasi tashkil etdi. Ayollarga nisbatan jinoyat haqida hech kim og’iz ochmaydi deydi.

"Zamon o’zgarmoqda, demak bu kabi yondashuv ham o’zgarishi kerak”,- deydi Chilura Hardiy.

Chilura xalqaro tashkilotlar homiyligida kurd ayollari markaziga asos solgan. Markaz o’z radiosiga ega. Stansiya xotin-qizlar hayotini yoritadi.

Bu kabi tashabbuslar ortida turgan mutaxassislardan biri, amerikalik siyosatdon Pavlina Beyker taraqqiyot shundan boshlanadi deydi.

“Qonun ustuvor bo’lsin desangiz, oddiy xalqning huquqiy bilimini oshiring. Buni esa aholi orasidan chiqqan faollar va ular boshqaradigan tashkilotlar amalga oshiradi. Muammoni ular ko’tarib chiqsin, yechimni ular taklif qilsin”,- deydi Beyker.

Tinchlik va iqtisodiy farovonlik davomiy va mustahkam bo’lishi uchun inson huquqlari va demokratiyani targ’ib qilish kerak.

Erkinlikka asoslanmagan hokimiyat baribir qulaydi, deydi tahlilchilar. Sierra Leone, masalan, uzoq yillik urush va ocharchilikdan xalqaro tashkilotlar yordami bilan chiqdi.

Demokratik saylovlar o’tkazildi. Yevropa Ittifoqi vakili Mari-Anna Isler bu saylovlarni kuzatgan. Tuzumning tinch yo’l bilan yangilanishi, deydi u, birinchi demokratik qadam.

“Balki ba’zi siyosiy partiyalar mag’lubiyatni tan olishni istamas, lekin saylov xalq xohishini aks ettiradi”,- deydi Isler.

BMT tinchlik saqlovchi kuchlari rahbari Jeyn Xoll Lyut xonim achchiq haqiqat shuki siyosiy o’zgarishlar va taraqqiyot uzoq vaqt oladi deydi.

“Urush va mojarolar ketidan mamlakatni qayta qurish juda murakkab jarayon. Turmushni izga tushirish, jamiyatda o’ziga nisbatan ishonchni tiklash uchun kamida 10-20 yil vaqt kerak. Bu qattiq mehnat talab qiladi”,- deydi Lyut.

”Demokratiyaga harbiy kuch bilan erisha olmaysiz”,- deydi siyosiy tuzumlar bo’yicha tahlilchi Kristofer Prebl. Davlat qurish mablag’, diplomatiya, tajriba va bilim talab qiladi deydi olim.

”AQSh hukumati muayyan bir mamlakat demokratik bo’lsin, yoki u yoki bu asosda ish yuritsin deya buyura olmaydi. Demokratik me’yorlar ildiz otishi uchun uzoq yillar talab qilinadi. Bunga xalq o’z xohish va irodasi bilan erishadi”.

Demokratik saylovlar har doim ham G’arb kutgan natijani bermaydi.

2006 yilda Falastinda va yaqinda Pokistonda o’tgan saylovlar demokratik o’tdi deb tan olindi, ammo unda AQShga tanqidiy ko’z bilan qarovchi partiyalar ustun keldi. Xalq istagi shu bo’lsa, deydi siyosatdonlar, tomonlar albatta tegishli xulosa chiqaradi.

XS
SM
MD
LG