O'zbekiston xorij doniga zor ekan, tirikchilik yanada qimmatlashadi


Jahon Banki dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi turli inqirozlarga olib kelishi mumkin deya ogohlantirmoqda.

Ayniqsa, don va un narxining ko`tarilishi rivojlanayotgan mamlakatlarda vaziyatni keskinlashtirishi mumkin.

O`zbekiston hukumati bir necha yillardan buyon mamlakat g`alla bo`yicha mustaqillikka erishgani, hatto g`alla qo`shni davlatlarga eksport qilinayotganini ta`kidlab keladi.

O`zbekistonda iqtisodiy ko`rsatkichlar, don eksporti -importi haqida ma`lumot olish qiyin. Hukumat rasmiy hisobotlariga ko`ra O`zbekiston uchun un importiga ehtyoj yo`qdek.

Biroq jahon g`alla bozorini tahlil qiluvchi xalqaro tashkilotlarga ko'ra O`zbekiston bugungi kunda xorijdan un sotib olish bo`yicha dunyoda Braziliyadan keyin ikkinchi o`rinda turibdi. Bu ma`lumot respublikadagi ayrim axborot vositalarida ham e`lon qilindi, biroq rasman izohlanmadi.

Iqtisodchi Jahongir Shosalimov fikricha hukumat dunyo bo`ylab oziq-ovqat inqirozi tahdidi yuzasidan aniq bir pozitsiya bildirishi kerak.

“Qozog`istondan kelayoatgan bug’doyning 90 foizi kontrabanda. Buni hukumat odamlari qilyapti. Bu narsani oshkor etilishi ular manfaatiga xizmat qilmaydi. Xalqaro Valyuta Jamg`armasi ham vaziyatni tahlikali ekanini zimdan kuzatib kelayapti. Narx navoning bunday o`sib borishi ayniqsa cho`l zonalarida Sirdaryo, Jizzax va Farg`ona vodiysini nihoyatda tahlikali ahvolga keltirib qo`ygan”, - deydi Shosalimov.

Chorsu bozorida Qozog`istondan keltirilgan sara don 1200 so`m, O`zbekiston bug’doyining oldi 800 so`mdan sotilayapti. Sotuvchilardan biri so`nggi bir yilda bug`doyning narxi bir necha barobariga oshganini ta`kidlaydi.

“Avval 150 so`m edi, juda oshganda 250 so`mga chiqishi mumkin edi. Hozir juda o`sib ketdi. Bilmadim nima sabab, ehtimol yo`l xarajati oshgandir. Buni olib kelyotganlardan so`rash kerak”, - deydi u.

Sotuvchilarning aytishicha Qozog’iston bug’doyi turli pishiriqlar uchun xarid qilinadi. O`zbekiston bug`doyi esa chorvaga ozuqa sifatida olinadi. O`zbekiston bug’doyining sifati pastligi, deydi ular, unga ko’p suv berilganida.

“Cho`l zonasida havo boshqacha bo`lsa kerak, kam sugo`riladi, farqi shunda. Mustaqilllikdan keyin bizda ekilgan bug`doylar asosan chorva uchun bo`ldi, non eyish uchun emas”, - deydi sotuvchilardan biri.

O`zbekiston xalqi asosan Qozog`istonda ishlab chiqarilgan unni iste`mol qiladi. Bozordagilar nazarida O`zbekiston uni chekka viloyatlarda iste`mol qilinishi mumkin xolos.

Xaridorlar nafaqat un, balki barcha mahsulotlar narxi kun sayin oshib borayotganidan noliydi.

Qozog`iston hukumati 1 sentabrga qadar don eksportini cheklab qo’ygan.

Bu xabar sotuvchilarni unchalik bezovta qilmaydi, hozirgacha un va bug`doy asosan kontarbanda orqali kelayotganiga ishora qilinadi. Biroq narxlar hozirdagidan ko`ra yana bir necha barobariga ko`tarilishi ehtimoldan xoli emas.

Jahongir Shosalimov aholi uchun tirikchilik yanada qiyinlashadi deydi.

“Eng xavflisi qishloq joylardagi odamlar bu haqda bilmaydi. O`zbekiston uni 400-500 so`m. Lekin bu uzoqqa bormaydi. O`tgan yil g`allakorlar katta zarar ko`rdi. Bu yilgi g`alla hosili qanaqa bo`lishi va g`alladan olingan daromad O`zbekiston hukumatining kelajagini belgilaydi”, - deydi Shosalimov.

Xalqaro ekspertlar taxminicha dunyo bo`ylab kutilayotgan oziq-ovqat inqirozi mintaqa davlatlarini chetlab o`tmaydi.

XS
SM
MD
LG