Breaking News

AQSh Gruziya hududiy daxlsizligini qo'llab-quvvatlamoqda


Rossiya Gruziyadan ajralib chiqqan, biroq xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan ikki hududi bilan yuridik aloqalar o’rnatishini bildirmoqda. Davlat departamenti Rossiyaning bu siyosatini tanqid ostiga olmoqda.

Qo’shma Shtatlar Rossiyadan Abxaziya va Janubiy Osetiyaga nisbatan siyosatini aniqlashtirishni so’ramoqda. Rossiya Tashqi ishlar vazirligining chorshanba kuni ma’lum qilishicha, prezident Putin Gruziyaning bu ikki hududi bilan savdo va boshqa sohalarda hamkorlikni yo’lga qo’yishga ko’rsatma bergan.

Vazirlik ta’biricha, Rossiya bu bilan hududlardagi o’z fuqarolari huquqlarini himoya qilmoqchi va aslo Gruziya bilan mojaroga kirmoqchi emas. Gruziya hukumati favqulodda majlis o’tkazib Kreml harakatini xalqaro qonunlarga zid deya baholagan.

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Shon Makkormakning aytishicha, Bush ma’muriyati Rossiya harakatiga baho berishga shoshilayotgani yo’q, biroq Gruziyaning hududiy daxlsizligini qo’llab-quvvatlaydi.

Rossiya bilan chegaradosh Janubiy Osetiya va Abxaziyada ko’p etnik ruslar yashaydi.

Ayrim mutaxassislar fikricha, Kremlning bu harakati NATOning Gruziyani o’ziga a’zo qilish rejasiga javob. Bundan tashqari Rossiya Kosovoning mustaqil bo’lishiga ham qarshi turgan, biroq AQSh va G’arb davlatlari uning fikrini inobatga olmagan.

NATO va Yevropa Ittifoqi ham Rossiyaning Abxaziya va Janubiy Osetiya bilan hamkorlik rejasi bo’yicha xavotir bildirmoqda.

XS
SM
MD
LG