Kongress urushga qo'shimcha pul bermoqchi emas


Bush ma’muriyati Kongressdan Iroq va Afg’onistondagi urush uchun so’ralgan 108 milliard dollarni kelasi oy oxirigacha ma’qullashni so’ramoqda. Qonunchilar esa pulning sarflanishi bo’yicha batafsil hisob-kitob talab qilib, mamlakatning ichki ehtiyojlariga ko’proq e’tibor qaratishni talab qilmoqda.

Oq Uy byudjet masalalari bo’yicha maslahatchisi Jim Naslning Senatga aytishicha, Kongress pulni vaqtida ajratmasa, harbiy operatsiyalar to’xtab qolishi mumkin.

Senatdagi demokratlarga ko’ra, Oq Uy AQSh iqtisodiyoti og’ir kunlarni boshdan kechirayotgan bir paytda pul so’ramoqda.

Senator Diann Feynstaynning aytishicha, AQSh tashqi qarzi 9 trillion dollarga yetdi. Bush ma’muriyati so’rayotgan qo’shimcha 108 milliard dollar qarzni yanada ko’paytiradi.

Yana bir demokrat senator Robert Byord esa Iroqni qayta qurish uchun so’ralayotgan 3 milliard dollar Amerika shaharlari ehtiyojiga sarflansa yaxshi bo’lar edi deydi.

"Prezident Bush Sietlda emas, Sadr shahrida maktablar qurmoqchi. Richmondda emas, Ramadida yo’llarni ta’mirlamoqchi. Nega AQShdagi Minneapolis shahri uchun bir sent ham bermayaptiyu, lekin Iroqdagi Mosul uchun millionlab dollar so’rayapti," deydi senator Byord.

”Iroq neft savdosidan tushayotgan daromad hisobiga byudjetini yaxshilayotgan bir paytda, nega uni qayta qurish uchun pul Iroq byudjetidan emas, AQSh soliq to’lovchisi hamyonidan olinishi kerak, deb so’raydi ayrim qonunchilar.

Respublikachi senator Jad Greg Iroqni qayta qurish uchun AQSh ajratgan har bir dollarga Iroq ham bir dollar ajratsin deya taklif qilmoqda.

"Foyda ko’rayotgan Iroq negadir pul sarflagisi yo’q," deydi senator.

XS
SM
MD
LG