Jahonda oziq-ovqat mahsulotlari narxi keskin ko'tarilmoqda


Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat dasturi qo’shimcha 750 million dollar mablag’ga muhtoj.

Qashshoq mamlakatlar aholisiga yordam ko’rsatuvchi bu dastur o’tgan oy ham dunyo ahlidan yordam so’ragan edi.

Dastur rahbari Jozett Shiran so’zlariga ko’ra mahsulotlar narxi o’tgan bir yil mobaynida 50 foizga oshgan. Shunday ekan, BMT Oziq-ovqat agentligi favqulodda yordam so’rashga majbur. Aks holda yaqin orada faoliyat ko’lamini 40 foizga qisqartiradi.

Yegulik qimmatlashayotgani, deydi Jozett Shiran, mamlakatlar barqarorligiga tahdid.

“Jahon Banki hisob-kitobiga ko’ra narx-navoning o’sishi dunyo bo’ylab 100 million kishini yo’qsillik domiga yetaklaydi. 33 mamlakatda norozilik namoyishlari avj olishi mumkin.”

Qimmatchilik besh omilga borib taqaladi, deydi BMT rasmiysi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda iqtisodiy o’sish oziq-ovqatga talabni kuchaytirgan. Neftning qimmatligi transport xarajatlarini oshirmoqda. Bio-yonilg’i ishlab chiqarishda ishlatiladigan makkajo’xori va don mahsulotlariga talab katta. Buning ustiga, qurg’oqchilik hosilning beliga tepgan. Ba’zi mamlakatlar mahsulot eksportini to’xtatmoqda.

Qo’shma Shtatlar inqirozning oldini olish uchun 200 million dollarga teng yordam ajratmoqchi. Fransiya rivojlanayotgan mamlakatlarga yordamini ikki baravarga oshiradi.

XS
SM
MD
LG