Iroq xalqini boqadi deya qaralgan neft manbaining kelajagi mavhum


Iroq konstitutsiyasiga muvofiq mamlakat shimolidagi Kirkuk shahrining maqomi iyun oyida ovozga qo’yilishi kerak.

Neftga boy bu shahar aholisi asosan kurdlardan iborat. Iroqning Kurdiston avtonomiyasi uni o’z hududi deb biladi. Biroq tahlilchilar fikricha referendum yana orqaga surilishi mumkin.

Kirkuk maqomi bo’yicha referendum ma’muriy va xavfsizlik muammolari bahonasida ikki marotaba qoldirilgan. Kirkuk Kurdiston muxtoriyatiga kirishi kerakmi- yoki yo’q – ana shu savol o’rtaga qo’yiladi.

Biroq referendumning asosiy shartlari bajarilganicha yo’q deydi tahlilchilar. Jumladan, shahar chegaralari qayta belgilanishi va Saddam Husayn davrida ko’chirilgan kurdlar ona shahriga qaytishi kerak edi.

Vashingtondagi Kurd instituti rahbari Najmaldin Karim fikricha referendum yana qoldirilishi mumkin. “Chunki Iroq hukumatida siyosiy iroda yo’q. Xavfsizlik katta muammo”, - deydi u.

Kirkuk masalasi, ba’zi mutaxassislar nazarida, rasmiy Bag’dod e’tiboridan chetda qolmoqda. Siyosatshunos Genri Barkining aytishicha, hukumat ham, Kirkuk aholisining o’zi ham referendum o’tkazilishiga qarshi. O’zaro ishonch yo’q.

Iroq xalqi orasida kurdlar qora oltinga boy Kirkukni tamomila o’ziniki qilib olmoqchi degan qarash hukm suradi. Hukumat Kirkuk masalasi ziddiyatlarga sabab bo’lishini biladi. Shunday ekan saylov iloji boricha orqaga suriladi.

Iroq Kurdistoni, deydi olim Haydar al-Hamudi, ortiq kutib o’tirmasdan bir tomonlama saylov o’tkazib, Kirkukni o’z hududi deb e’lon qilishi mumkin.

Amerikalik siyosatdonlar ta’biricha Qo’shma Shtatlar Kirkuk taqdiriga aralashmoqchi emas va masala Iroq hukumati, Kurdiston ma’muriyati va Kirkuk shahar aholisi tomonidan hal etilishi kerak deya qayd etib keladi. Ammo referendumning tezroq o’tkazilishini ham yoqlab chiqayotgani yo’q. Shunday ekan, deydi tahlilchilar, Iroq xalqini boqadi deya qaralgan neft manbaining kelajagi mavhum.

XS
SM
MD
LG