Yevropa Ittifoqi O'zbekistonda vakolatxona ochish taraddudida


Yevropa Ittifoqi O`zbekistonda vakolatxona ochishga hozirlik ko`rmoqda.

Sharhlovchilar fikricha, Ashgabatdagi Yevropa Ittifoqi va mintaqa davlatlari rasmiylarining ushrashuvi, shuningdek, NATO sammitida Markaziy Osiyo davlatlari ishtiroki ittifoq bilan aloqalar olg`a siljiyotganidan darak beradi.

Ashgabatda o`tgan uchrashuvda Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar komissari Benita Ferrera Valdner O`zbekistonda vakolatxona ochilishi haqida to’xtalar ekan, so’nggi paytlarda rasmiy Toshkent inson huquqlari va demokratik o`zgarishlar borasida muhim qadamlar qo’yayotganini ta`kidlagan.

O`zbekiston va Yevropa Ittifoqi davlatlari o’rtasida muloqot jonlanayotganini ham kuzatish mumkin. Joriy hafta Vengriya Moliya vaziri Yanosh Veresh, Ispaniya Ombudsmani Enrike Mugika Gersog O`zbekistonda bo`lgan.

“Nazarimda bu xildagi tashriflar ko’payishi oqibatida jazo sanksilari olib tashlanishi mumkin. Munosabatlar 2005 yildan avvalgi holatga keladi”, - deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipov fikriga ko`ra, bugun Yevropa Ittifoqi energiya masalasini demokratiya va inson huquqlari masalasidan ustunroq qo’ymoqda.

“Energoresurslar, ularni egallash, import qilish, transportirovka - birinchi darajali masala. Shuning uchun sanksiyalar ham bekor qilinishi mumkin, deb hisoblashayapti,” - deydi Tolipov.

Sharhlovchi Akbar Aliyev nazarida Yevropa Ittifoqi uchun demokratik qadriyatalar bosh masala, O`zbekiston hukumati bilan muloqot yangi taktika va usulni talab etmoqda.

“Sanksiya mamlakatdagi vaziyat, ayniqsa, rahbarning hulqiga bog`liq. O`shalar agar bundan to`g`ri xulosa chiqarsa, o`rinli. Lekin bizning rahbariyat to`g`ri xulosa chiqarmadi. Umid qilamiz, Yevropa insonparvarlik sohasida oldinda,” - deydi u.

Akbar Aliyevning aytishicha, ittifoq idorasi ish boshlasa, vaziyat erkinlashishi mumkin.

“Buning uchun o`zimiz faol bo`lishimiz kerak, ijtimoiy va siyosiy ma`noda,” - deydi Aliyev.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov G`arb demokratik o`zgarishlar olib keladi degan umid puchga chiqmoqda.

“G`arb mamlakatlari mustaqillik boshlaridan ham O`zbekistonda ozodlik, demokratiya bo`lishi uchun hech narsa qilmadi va qilish niyati yo`q o`xshaydi. Ozodlik, demokratiya uchun kurash xalqimizning vazifasi”, - deydi Oripov.

Muxolifatning ayrim vakillari siyosiy faoliyat uchun imkoniyat paydo bo`layotgani haqida bayonot qildi. Biroq bayonotlar amalda isbotini topmadi.

Yevropa Ittifoqi va rasmiy Toshkent o`rtasida boshlangan muloqotdan so`ng Xalqaro Qizil Xoch qo`mitasi O`zbekiston qamoqxonalariga kirishga ruxsat oldi, bir nechta huquq himoyachisi ozodlikka chiqdi.

Yevropa O`zbekiston sud huquq tizimidagi islohotlar, qator xalqaro konvensiyalarning ratifikatsiya qilinishini e`tirof etmoqda.

Muxolifat fikricha, shoir Yusuf Jumaning 5 yil qamoq jazosiga hukm qilinishi Toshkent demokratik o`zgarishlar qilish niyatida degan qarashlar haqiqatdan uzoq ekanini ko`rsatdi.

XS
SM
MD
LG