Breaking News

Markaziy Osiyoda suv uchun kurash ketmoqda


Suv taqchilligi Markaziy Osiyoda katta muammoga aylanib bormoqda. Asosan qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan mintaqada obi-hayot ham ichki, ham tashqi siyosatni belgilovchi muhim omil.

Qirg’izistonlik jurnalist Egamberdi Qobulov suv masalasida mintaqada xatarli vaziyat mavjudligini inkor qilmas ekan, qo’shni davlatlar rahbarlari bu masalada kelishib olishi zarur deb biladi. Unga ko’ra Qirg’iziston va O’zbekiston o’rtasidagi suv va gaz bahslari cheksiz davom etmoqda.

“Qirg’iziston va Tojikiston suv yetkazib berar ekan, boshqa turdagi energiya zaxiralariga ega Qozog’iston va O’zbekiston o’zaro kelishib olishi kerak,” deydi E. Qobulov.

Dushanbelik taniqli jurnalist Hulkar Yusupov Tojikistonda qurilishi loyihalashtirilayotgan GESlar qo’shni mamlakatlarga suvni kamaytirib qo’yishi mumkin degan xulosani safsata deb hisoblaydi.

“Men O’zbekistonning xitoyliklar tomonidan Tojikistonda bir qator kichik GESlar qurishiga qarshi ekanini bilaman. Nizolarning yechimi davlatlarimiz rahbarlarining donoligi, sabr-toqati va aqlu-idrokiga bog’liq. Bu masalada ko’p siyosatshunoslarga xos ambitsiyalar bo’y ko’rsatmoqda. Bu salbiy hol. Bir-birining harakatidan zarar izlash amaliyoti qo’llanmoqda,” deydi dushanbelik tahlilchi H. Yusupov.

Moskvalik tahlilchi Aleksandr Sobyaninning aytishicha, XXI asrda Markaziy Osiyoda chegara muammolari emas, balki suv taqchilligi O’zbekiston va Tojikiston, Qirg’iziston va Tojikiston o’rtasidagi katta ziddiyatlarga olib keladi.

XS
SM
MD
LG