Sietl-Toshkent birodarlik aloqalari o'rnatilganiga 35 yil to'ldi


O’zbekistonda Sietl (Seattle) AQShning eng tanilgan shahri desak xato bo’lmaydi. Tinch okeani bo’yida joylashgan bu azim shahar shu kunlarda ikki ming yillikdan oshiq tarixini tantana qilayotgan Toshkent bilan 1973 yildan beri birodarlik aloqalariga ega.

Amerikaliklar nazarida O’zbekiston poytaxti Sovuq Urush davridagi eng “iliq” maskanlardan biri bo’lgan.

Sietl Nyu-York, Chikago va Los Anjeles shaharlari qatorida Amerikaning eng yirik metropolislaridan biri. Qo’shma Shtatlarning shimoli-g’arbiy nuqtasi.

Toshkent va Sietlni bir-biriga taqqoslash qiyin. Okean bo’yida joylashgani, atrofida suv havzalari ko’pligi, buning ustiga yomg’ir ko’p yoqqani sababli uni “suv shahri” deb ham atashadi. Sietlga ikki yuz yil avval asos solingan.

1970-yillarda, AQSh boshchiligidagi G’arb va SSSR yetakchiligidagi kommunistik blok orasida poyga avjiga chiqqan paytda, ayrim faol amerikaliklar Sovet Ittifoqi aholisi bilan bog’lanishga, har ikki davlat rahbarlarini atom qurollaridan voz kechib, tinchlik yo’lida birga ishlashga undash maqsadida sovet shaharlari bilan aloqa o’rnatishga urinadi.

Shu jafokash amerikaliklardan biri Sietlning o’sha damdagi meri Ves Ulman bo’lgan. Ulman o’zbek xalqi mehmondo’st va mehnatkash xalq, Amerika bu yurt bilan do’stona rishtalar o’rnata oladi deya AQSh Kongressi va Davlat departamentiga chiqqan.

Toshkent farzandi, bugun Sietlda yashovchi Margarita Xopshteyn tashabbus ustida ishlagan ko’ngillilardan biri edi.

Uning aytishicha, taklif Toshkent shahar rahbariyatiga ma’qul kelgan. O’zbekiston Kommunistik Partiyasi ham buni olqishlagan. 1988 yilda Toshkentda Sietl-Toshkent Tinchlik Parki tuzilgan.

“Sietllik mehmonlarga tarjimonlik qilganman. Ularning xalqlar do’stligi uchun naqadar berilib ishlayotganini ko’rib, ko’ngilli xizmat qadrini tushunganman. Amerikaliklarning g’ayrati va O’zbekiston bilan yaqinlashishga bel bog’laganini ko’rib juda ruhlanganman”,- deydi Margarita Xopshteyn.

Sietl-Toshkent birodarlik aloqalarini yurituvchi uyushma prezidenti Dan Peterson fikricha xalqaro hamkorlik va birodarlik zaminida oddiy odamlarning til topisha olishi, bir-biriga hamdard bo’la olishi, bir-birini tushuna olishi kabi muhim omillar yotadi.

"Ba’zilar uchun “birodar shaharlar” degan tushuncha ko’p ma’no kasb etmasligi, quruq, rasmiy bir munosabatdek tuyulishi mumkin", - deydi u. "Ammo kichik bir doirada boshlangan do’stlik asta keng qanot yozadi, o’zaro mehr-oqibat paydo bo’ladi".

“Biz siyosiy emas, madaniy rishtalar tarafdorimiz. Siyosat o’z yo’liga, lekin biz xalq diplomatiyasi tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlovchi vosita deb bilamiz va barcha say-harakatlar shu yonalishda”,- deydi Sietl-Toshkent birodarlik uyushmasi rahbari.

Janob Petersonning aytishicha, Sietlda bugun yuzlab o’zbekistonliklar yashaydi. Jamoa orasida san’atkorlar, madaniyat va ilm-fan namoyondalari bor. “Ilhom” teatri a’zolari shahar teatr sahnalarida O’zbekiston o’tmishi va bugunini aks ettiruvchi asarlar ijro etib turadi.

Jamoa vaqti-vaqti bilan turli sayllar va kechalar tashkil etadi. Navro’z keng nishonlanadi.

Tadbirlarda O’zbekistonning AQShdagi elchisi ham qatnashib turadi. Yaqinda, Sietl-Toshkent birodarligining 35 yilligi tantanasida, so’zlagan elchi Abdulaziz Komilov xalqlarni aslida siyosat emas, madaniy aloqalar yaqinlashtiradi dedi.

“Xalqlar do’stligi har narsadan ulug’”,- deydi Margarita Xopshteyn. "Chunki do’stlar bir-birining dardiga malham bo’lishga harakat qiladi".

“Yakkalanib, boshqalardan ajralib qolgandan ko’ra, uzoq-uzoq o’lkalardagi odamlar bilan tanishish, ular hayoti, tili va san’atini o’rganish insoniyatni birlashtirish yo’lidagi qadam”, - deydi faol.

Internet va axborot asrida dunyo kichrayib bormoqda. Yer yuzining ikki uzoq nutqasidagi shaharlar orasida aloqa yuritish ancha osonlashgan.

Jahon tarmog’ida Sietl-Toshkent birodarlik sahifalari ochilgan: www.seattle-tashkent.org va www.seattletashkent.ning.com

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG