Breaking News

Gruziya Rossiya ustidan BMTga shikoyat qilmoqda


Rasmiy Tbilisi Kremlning Janubiy Osetiya va Abxaziya bilan hamkorlikni kuchaytirish haqidagi bayonotidan xavotirda. Uch kun oldin esa Gruziyaga qarashli pilotsiz razvedkachi-samolyot urib tushirilgan. Gruziya Rossiya harbiy havo kuchlarini bunda ayblamoqda.

Rasmiy Tbilisi fikricha Rossiyaning Janubiy Osetiya va Abxaziya bilan hamkorlikni kuchaytirish haqidagi bayonoti xalqaro qonunchilikka xilof, chunki har ikki hudud Gruziyadan noqonuniy ravishda ajralib chiqqan va xalqaro munosabatlarni rasmiy Tbilisi vakolatisiz yuritishga haqqi yo’q.

Gruziya shikoyati BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan qabul qilinib, bugun yopiq eshiklar ortida ko’rib chiqiladi. Gruziya Tashqi ishlar vaziri David Bakradzening nutq so’zlashi kutilmoqda. Shundan so’ng Bakradze AQSh Davlat kotibi Kondoliza Rays bilan uchrashadi.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkinning aytishicha, mamlakatining ham o’z navbatida Gruziyaga qator masalalar bo’yicha da’vosi bor.

Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatida Rossiya kengashning har qanday qaroriga veto qo’yish huquqiga ega.

Rossiya Dumasi spikerining birinchi o’rinbosari Oleg Morozov fikricha, Gruziyaning BMTga shikoyati va NATOga qo’shilish harakatlari Rossiya bilan aloqalarini salbiylashtiradi xolos.

Gruziya o’z navbatida Abxaziya havo kengliklarida kuzatuvchilik qilgan pilotsiz samolyotining Rossiyaga qarashli MIG-29 qiruvchi samolyoti tomonidan urib tushirilgani bo’yicha norozilik bildirmoqda.

Gruziya Ichki ishlar vazirligi so’zlovchisi Shota Uteashvilining aytishicha, buni tasdiqlovchi videotasma bor.

Bundan tashqari samolyotning hujumdan so’ng Rossiya hududiga qaytgani haqida radar ma’lumoti chiqarilgan. Rossiya bu ayblovlarni inkor etmoqda.

XS
SM
MD
LG