Breaking News

AQShda tashqi siyosati keskin tanqid ostida


AQShlik mutaxassislar fikricha Iroq urushi uning qudratli davlat mavqeiga putur yetkazib, boshqa davlatlarga ta’sirini zaiflashtirdi.

Shunga qaramay, deydi ular, Amerika Qo’shma Shtatlari yaqin kelajakda qudratli davlat maqomini qo’ldan chiqarmaydi. Mudofaa xarajatlari uchun AQSh taraqqiyot bo’yicha o’zidan keyin turadigan 32 ta davlat xarajatlarining umumiy yig’indisidan ko’p pul sarflaydi. Jahonda eng baquvvat iqtisodiyotga ega. Ko’plab xalqaro moliyaviy va siyosiy tashkilotlarda nufuzi baland. Amerika jamiyati, madaniyati va g’oyalari jahon bo’ylab ommaviylashgan.

Biroq so’nggi paytlarda o’tkazilgan ijtimoiy so’rovlar shuni ko’rsatadiki, dunyo Amerika tashqi siyosatidan norozi. Hattoki uning uzoq yillik eng yaqin ittifoqchilari ham.

Merilend Universitetining Xalqaro siyosatga munosabat dasturi direktori Stiven Kalning aytishicha, AQSh Ikkinchi jahon urushidan so’ng xalqaro qonunlar asosida yangi dunyo tartibini o’rnatish, xalqaro tashkilotlar va erkin bozorni yaratish bobida yetakchilikni qo’liga oldi.

"Demokratiya va inson huquqlarini targ’ib qildi. Jahon bo’ylab hurmat qozondi. Ammo hozir ko’pchilik AQSh eski tamoyillaridan chekindi degan xayolga bormoqda," deydi u.

Boston Universitetida tarix va xalqaro aloqalar bo’yicha professor Endryu Basevichning aytishicha, AQSh Sovet Ittifoqi qulaganidan so’ng jahonda yakka hokim vazifasini uddalay olmadi. Iroq urushi bunga yaqqol misoldir, deydi u.

"Urush AQSh harbiy, iqtisodiy va moliyaviy qudratining chegarasini ko’rsatib qo’ydi. Dollar zaiflashdi, tashqi qarz o’smoqda, qudratimiz so’nmoqda," deydi Basevich.

Garvard Universitetida xalqaro aloqalar bo’yicha professor Stiven Uoltning aytishicha, Amerika o’z qudratidan oqilona foydalanishi kerak.

"AQSh barcha tahdidlar bilan birdaniga shug’ullanmasdan, kuchini muhimlariga sarflab, salib yurishlaridan nariroq turishi kerak," deydi professor Uolt.

Salib yurishi deganda Uolt Iroq urushini nazarda tutadi.

"Yakkahokimlik dono bo’lishni taqozo etadi. Sovuq urushi davrida mamlakatlar Sovet Ittifoqidan cho’chib AQSh bilan hamkorlikka intilardi," deydi u.

Prinston Universitetida siyosatshunoslik va xalqaro aloqalardan dars beruvchi Aaron Fridbergning aytishicha, AQSh ko’p qirrali va ko’p tomonlama munosabatlarga qaytishi kerak.

Uning fikricha jahon siyosatining markazi Osiyoga qarab siljimoqda. Osiyoning yirik davlatlari o’rtasida ittifoqlar yoki Yevropa va Osiyoning demokratik davlatlari o’rtasida birlashmalar paydo bo’lishi mumkin, deydi u.

AQShning yetakchi davlat sifatidagi roli, deydi professor Fridberg, ko’p sohalarda va hollarda saqlanib qoladi.

XS
SM
MD
LG