Eron Iroqdagi jangarilarga yordamini to'xtatmayapti


Eron Iroqdagi shia jangarilarini mablag’ va qurol-yarog’ bilan ta’minlashda davom etar ekan, Tehronga nisbatan harbiy kuch qo’llash ehtimoli yo’q emas, deydi AQSh admirali Maykl Mullen.

Admiral fikricha hozircha iqtisodiy va diplomatik bosim vositalari kifoya.

Eron, deydi admiral Mullen, Iroqdagi maxfiy amaliyotlarini bas qilish va’dasini bajargani yo’q. AQSh razvedkasiga ko’ra Eron koalitsiya qo’shinlari bilan olishayotgan jangarilarga yordam yetkazib turadi. Jangarilar qo’lidagi qurollarni Eron ta’minlayotgani aytiladi.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts so’zlariga qaraganda Iroqdagi amerikalik qo’mondonlar Eron jangarilar homiysi ekanini biladi. Eron tufayli AQSh askarlari halok bo’lmoqda, deydi Geyts. Rasmiy Tehron barcha ayblovlarni rad etgan.

Admiral Mullenning aytishicha AQSh Eronni bu yo’ldan qaytarish uchun diplomatik va iqtisodiy bosimni davom ettiradi. Shu bilan birga, harbiy chora ko’rish ehtimoli ham yo’q emas.

Yaqinda Iroqning Basra shahridagi to’qnashuvlarda Eronda ishlab chiqarilgan yangi qurollar musodara qilingan. Oq uy nazarida rasmiy Tehron bundan xabardor.

Qo’mondonlar deydiki AQSh armiyasi butun salohiyatini Iroq va Afg’onistonda sarflayotgan bir paytda, Yaqin Sharqda yana bir urush boshlash rejasidan yiroq.

XS
SM
MD
LG