Afg'oniston NATO kelajagini hal qiladigan sinov


NATO Afg’onistonda 47 ming qo’shinga ega. Ko’klam kelib, Tolibon jonlanar ekan, G’arb davlatlari bu mamlakatga yanada ko’proq askar jo’natmoqda. Jangarilar uyushtirgan portlashlarda o’tgan yili 8 ming kishi halok bo’lgan.

Shimoliy Atlantika alyansi Afg’onistonda uch maqsadni ko’zlaydi: mamlakatni tiklashda Hamid Karzay hukumatiga ko’maklashish; afg’on armiyasi va politsiyasini tayyorgarlikdan o’tkazish; hamda Tolibon mustahkam joylashgan janubni jangarilardan tozalash.

NATO sammitida “bu maqsadga erishamiz, terrorchi va ekstremistlarni tag-tomiri bilan quritamiz” degan va’dalar yangragan.

Shu maqsadda AQSh Yevropa davlatlarini Afg’onistonga qo’shimcha kuch jo’natishga undab keladi, biroq hozircha atigi bir nechasi rozilik bergan, xolos.

Tahlilchi Charlz Kupchan NATO davlatlari tarqoq degan fikrda.

"Kanada missiyaga barcha munosib hissa qo’shmasa Afg’onistonni tark etishini bildirgan edi. Gap shundaki, ba’zi davlatlar, jumladan Fransiya, Ispaniya, Germaniya va Italiya askarlarini jang ketayotgan janubiy hududlarga jo’natmaslikni ma’qul ko’rmoqda",- deydi Kupchan.

Tahlilchilar nazarida aynan shu kabi istisno va shartlar NATO a’zolari o’rtasidagi tarqoqlikni namoyish etadi. Buxarestdagi sammitda mavzu chetlab o’tilgan.

Siyosatdon Tomas Valasekning aytishicha Yevropaning ko’pgina mamlakatlari o’z qo’shinlarini ochiq jangga tashlagisi yo’q.

"Afg’oniston janubi – Qandahor va Hilmand – eng notinch hudud. Lekin asosiy sabab",- deydi Valasek, "missiya maqsadlari aniq belgilanmagan. Urush xuddi cheksiz davom etayotgandek".

Tadqiqotchi nazarida tarixan NATO a’zolarining ayrimlari boshqalaridan faolroq, qudratliroq bo’lgan.

"Odatda harbiy missiya xarajatlarini qoplash yirik mamlakatlar bo’yniga tushadi. Tavakkalga qo’l urmaydigan kichikroq davlatlar esa harbiy yoki moliyaviy jihatdan arziguli hissa qo’shmaydi. Bunday siyosat",- deydi Valasek, uzoqqa bormaydi".

"Afg’onistonda qo’shin sonini oshirish ustuvor masala bo’lib qolmoqda",- deydi AQShning NATOdagi sobiq elchisi Robert Xanter.

"Harbiy ishtirokini kengaytirishni istamayotgan davlatlar boshqa bir jabhada – Afg’oniston iqtisodiyoti, ta’lim va sog’liqni saqlash sohalarini oyoqqa turg’izishda ko’maklashsin",- deydi Xanter. "Taraqqiyot dasturlari mamlakatda xavfsizlikni ta’minlashning asosiy sharti".

Norvegiyalik mutaxassis Asl Tojening aytishicha, afg’on urushi NATOning yevro-atlantik mintaqadan tashqarida ilk yirik missiyasi va bu tashkilot uchun muhim sinovdir.

"Agar a’zolari birma-bir taslim bo’lib, butun missiya uchun javobgarlik AQSh va bir necha ittifoqchi gardaniga tushsa", - deydi tahlilchi, "Shimoliy alyansning kuni bitdi deyavering".

Tolibonni yengish uchun NATO davlatlari ko’proq qo’shin ajratishi zarur. Bundan tashqari donor mamlakatlar Afg’onistonni tiklash yuzasidan o’z zimmasiga olgan moliyaviy majburiyatlarini yoddan chiqarmasin, deydi sharhlovchilar.

XS
SM
MD
LG