Yevropa huquq talabini qo'ymoqda, sanksiyalar qisman kuchda qoladi


Yevropa Ittifoqi O’zbekistonga nisbatan 2005 yil so’nggida qo’yilgan sanksiyalarni yana olti oyga bekor qilishga qaror qilgan.

Ya’ni respublikaning ayrim rasmiylarini ittifoqqa safar qilishini cheklovchi qoidalar vaqtincha olib tashlangan va hozircha shundayligicha qoladi.

Ammo Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlardan O’zbekistonga qurol-aslaha sotish hamon man etilgan.

Sanksiyalarning yana yarim yilga bekor qilinishining asosiy sharti, deyiladi Yevropa Ittifoqi Kengashi bayonotida, O’zbekistonda inson huquqlari bilan bog’liq ahvol yaxshilanishi kerak va Islom Karimov rahbariyati xalqaro majburiyatlarga sodiq ekanini isbotlashi lozim.

Yevropa Ittifoqi nazarida o’tgan oylar mobaynida respublikada huquq va erkinlik bobida qator ijobiy qadamlar tashlangan.

Jumladan, o’lim jazosi bekor qilingan; qamoqqa olish vakolatini endi faqat sudlar beradi; bolalar mehnatini cheklovchi xalqaro qonun ratifikatsiya qilingan. Shuningdek, inson huquqlari faollari - Saidjahon Zainobiddinov, Ixtiyor Hamroyev, Ulug’bek Kattaboyev va Bobomurod Mavlonovlar qamoqdan ozod etilgan. Gulbahor To’rayeva va Umida Niyozovalarga berilgan jazolar yengillashtirilgan.

Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasiga mamlakat turmalarga kirish uchun ruxsat berilgani ham Yevropa rasmiylari tomonidan ijobiy o’zgarish deya qayd etilmoqda.

Biroq, Yevropa Ittifoqi Kengashiga ko’ra, O’zbekistonda erkinlik ravnaq topishi uchun rahbariyat yana ko’plab choralar ko’rishi va qarorlar qabul qilmog’i lozim.

Talablar: qiynoqlarga barham berish, mahbuslarning huquqlarini hurmat qilish, huquq faollariga nisbatan tazyiqlarni bas qilish, inson huquqlarini himoya qiluvchi mahalliy va xalqaro tashkilotlarga mamlakatda faoliyat yuritish uchun yo’l berish, BMT bilan qiynoqlarga qarshi kurash hamda matbuot va so’z erkinligi yo’lida hamkorlik qilish, nohukumat tashkilotlarni ro’yxatga olish va ularga qo’yilgan cheklovlarni bekor qilish va hokazo.

Huquq tashkilotlari, xususan Xalqaro Amnistiya Yevropa Ittifoqini sanksiyalarni yumshatmaslikka, aksincha, Karimov ma’muriyatiga keskinroq talablar qo'yishga chaqirgan va huquq e’zozlanishi kafolatlanmaguncha cheklovlar amalda qolsin deya so’ragan edi.

XS
SM
MD
LG