Breaking News

Bush BMT vakili bilan Afg'oniston bo'yicha muloqot qildi


Afg’oniston rasmiylarining aytishicha, hukumat xavfsizlik kuchlari yakshanba kuni prezident Hamid Karzayga hujum qilgan jangarilar bilan bugun poytaxt Kobulda to’qnashib, yetti kishi o’lgan, jumladan besh jangari. Prezident Bushning aytishicha, ba’zi zo’ravonliklarga qaramay Afg’onistonda vaziyat yaxshilanmoqda.

AQSh rahbari Oq Uyda BMT Bosh kotibining Afg’oniston bo’yicha yangi maxsus vakili, norvegiyalik diplomat Kay Eyd (Kai Eide) bilan uchrashgan. Uning aytishicha, AQSh BMTning Afg’onistondagi missiyasini qo’llab-quvvatlaydi.

"Afg’oniston jang maydoni ekstremistlarga qarshi urushning muhim qismidir," deydi Bush.

Kay Eyd bungacha BMTning Kosovodagi maxsus vakili bo’lgan. Bush uning endigi vazifasi ham og’ir va mas’uliyatli ekanini ta’kidlagan.

Elchi Eyd nazarida Afg’onistonda muvaffaqiyatga erishish uchun xalqaro loyihalar muvofiqlashgan holda amalga oshirilishi kerak.

"Afg’onistonda faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar tarqoq holda ish olib boradi. Afg’oniston hukumatining o’zida ham bir yoqadan bosh chiqarib ish qilinmasligini hisobga olsak, muvaffaqiyatga erishish oson bo’lmaydi," deydi u.

Uning fikricha, mamlakatdagi tiklanish ishlarining boshida Afg’oniston hukumati turishi kerak, xalqaro hamjamiyat esa unga yordam berishi zarur.

"Harbiy operatsiyalarda ham yetakchi rolni Afg’oniston kuchlariga topshirish kerak," deydi bosh kotib maxsus vakili.

XS
SM
MD
LG