Rossiya-Gruziya munosabatlari tobora keskinlashmoqda


Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili bo’lginchi ikki hududni Gruziya tarkibida yaxlit demokratik davlat qurishga chaqirmoqda. Rossiya esa Abxaziya va Janubiy Osetiyaga qo’shimcha tinchlikparvar kuchlarni yo’llamoqda.

Saakashvilining aytishicha, Gruziya Abxaziya va Janubiy Osetiyaga tinchlik va birodarlikni taklif qilmoqda. Bundan tashqari Saakashvili Abxaziyaga kengroq muxtoriyat berilishi va vakilining Gruziya markaziy hukumatida vitse-prezident etib tayinlanishini yana bir bor ta’kidladi.

Rossiya Gruziya ushbu hududlarga hujum qilishga tayyorlanyapti deb, u yerga qo’shimcha kuchlarni yo’llamoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov harbiylar hududlardagi Rossiya fuqarolarini himoya qiladi deydi.

Gruziya yaqinda o’tkazgan harbiy mashqlari hujumga tayyorgarlik degan ayblovlarni inkor etmoqda.

Gruziya Ichki ishlar vazirligi so’zlovchisi Shota Uteashvilining aytishicha, aslida hech narsa bo’layotgani yo’q.

"Rossiya bularning barchasini to’qib chiqaryapti. Gruziya hududida BMT kuzatuvchilari bor. Ular vaziyatni nazorat qilmoqda," deydi Uteashvili.

Rossiya mudofaa vazirligi chiqargan bayonotda aytilishicha, agar Gruziya Abxaziya yoki Janubiy Osetiyaga qarshi kuch ishlatsa, u chora ko’rishga majbur bo’ladi.

Moskvalik mustaqil tahlilchi Aleksandr Xramchixinning aytishicha, og’zaki bayonotlardan iborat bu munozara urushga aylanib ketishi ham hech gap emas.

Kecha ma’lum bo’lishicha, Gruziya Rossiyaning Jahon Savdo Tashkilotiga kirishi bo’yicha ikkitomonlama muzokaralarni to’xtatgan. Tashkilot a’zosi sifatida Gruziya Rossiyaning unga a’zo bo’lishiga veto qo’yish huquqiga ega. Rossiya 15 yildan buyon savdo tashkilotiga kirishga harakat qiladi.

XS
SM
MD
LG