O'zbekiston, Rossiya erkinlikni poymol etuvchi davlatlar qatorida


AQShda joylashgan Freedom House, ya’ni “Ozodlik Uyi” tashkilotiga ko’ra dunyoda matbuot erkinligi tobora cheklanmoqda. Hukumat repressiyasi va jurnalistlarni o’ldirish hollari ko’paygan.

“Ozodlik Uyi” tahlilicha hozirda dunyo ahlining 42 foizi erkin so’z va xolis axborot olish huquqidan mahrum. O’zbekiston “yomonlar yomoni” ro’yxatida qolmoqda.

“Mana oltinchi yildir-ki butun dunyo bo’ylab demokratiya bobida chekinish, xususan mustaqil matbuotni yo’q qilish harakatlari avjida”, - deydi Freedom House rahbari Jennifer Vindsor.

“Ozodlik Uyi” 30 yildan beri 190 dan ortiq mamlakatda erkinlik darajasini o’lchab keladi. Tashkilot ta’rificha, 72 davlat bugun “erkin”. Ellik to’qqiztasi “qisman erkin” va 64 tasida “erkinlik yo’q”.

Ushbu reyting har bir mamlakatda jurnalistlarning erkin faoliyat yuritishi uchun yaratilgan sharoitga qarab tuzilgan.

O’tgan yil ichida, deydi “Ozodlik Uyi” rahbari, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika davlatlarida ahvol biroz yaxshilandi. Jennifer Vindsor buni mazkur mintaqalarda hukumat repressiyasi haqida ochiq gapirayotgan jurnalistlar ko’payayotgani bilan izohlaydi. Uning aytishicha, oddiy aholi orasida internetdan ma’lumot olishga ishtiyoq kuchli.

“Ozodlik Uyi” tahlilida Finlyandiya va Islandiya matbuoti eng erkin davlatlar deb tan olingan. Ulardan keyingi o’rinlarda – Daniya va Norvegiya. AQSh – 21-o’rinda.

Rossiyada matbuot va so’z erkinligi yanada bo’g’ilgan. Bir necha mustaqil tashkilotlar nazarida yaqinda mamlakatda o’tgan saylovlar shunchaki “tomosha” uchun tashkillashtirilgan. Prezident Vladimir siyosatini savolga tutgan partiyalar va nomzodlar byurokratik hiyla-nayrang bilan poygadan chetlatilgan.

Buning ustiga, deyiladi Freedom House hisobotida, Rossiya Markaziy Osiyodagi avtoritar tuzumlarni siyosiy, ma’naviy va iqtisodiy jihatdan qo’llab-quvvatlab keladi.

O’zbekiston va Turkmanistonga fuqaro erkinligi nuqtai nazarida eng past baho berilgan. “Ozodlik Uyi”ga ko’ra o’tgan yili Islom Karimov konstitutsiyaga zid ravishda uchinchi muhlatga saylangan. “Yomonlarning yomoni” qatorida Shimoliy Koreya, Birma, Kuba, Liviya, Sudan va Somali tilga olinadi.

XS
SM
MD
LG