Yevropa O'zbekistonga nisbatan yumshoq siyosat yuritayaptimi?


Yevropa Ittifoqi O`zbekistonga qo’yilgan sanksiyalarni yana yarim yilga bekor qildi. Sharhlovchilar fikricha, Yevropa inson huquqlari borasida O’zbekistonda ijobiy o’zgarishlar bo’ladi degan umidda.Yevropa Ittifoqi inson huquqlari bilan bo`gliq vaziyatdan kelib chiqqan holda o`z qarorini uch oydan so`ng o`zgartirishi mumkin.

Lekin huquq himoyachilari bu umidlarga shubha bilan qaraydi.

“(Sanksiyalarning) yumshatilishi hech qanaqa yaxshi natija bermaydi bu rejim uchun. Borgan sari ahvol og`irlashib borayapti. Hukumat vaziyatni yaxshilash uchun hech narsa qilayotgani yo`q. Shu paytgacha hatto Human Rights Watch (tashkiloti) ni ham ro`yxatga olmadi,” - deydi O`zbekiston inson huquqlari bo`yicha tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov.

“Ezglik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanovning aytishicha, sanksiyalar bekor qilinadigan ko’rinadi.

“Biz norozimiz, chunki O`zbekiston hukumati sanksiyalar joriy etilgan paytdagi talablarni bajarmaganiga qaramasdan, sanksiyalar yumshatildi”.

Qiynoqlarga tezkor javob berish guruhi vakili Suhrob Ismoilov fikriga ko`ra, Yevropa Ittifoqining qarori mamlakatga imkoniyat bermoqda.

“Yevropa Ittifoqi O`zbekiston bilan konstruktiv muloqot tarafdori, hukumat bu muloqotga qanchalik tayyorligini aytish qiyin. Yuzaki islohotlar bo`lgani bilan hali real bir o`zgarishlar haqida gapirishga vaqt bor,” - deydi u.

Yevropa Ittifoqi rasmiy Toshkent inson huquqlari borasida ijobiy qadamlar tashlaganini inobatga oldi, biroq vaziyat tashvishli qolayotganini ta`kidlaydi va hukumatga bir necha talablar qo`yadi.

Bu qiynoqlarni to`xtatish, BMT qiynoqlar qo`mitasi bilan muzokaralar yuritish, nodavlat tashkilotlar faoliyatiga imkoniyat berish, huquq himoyachilarini ozodlikka chiqarish kabi talablar.

Yevropa Ittifoqi yana uch oydan keyin o`z talablaridan kelib chiqqan holda sanksiyalarni muhokama qiladi.

Mamlakat huquq himoyachilari ijobiy o’zgarish bo`lishiga shubha bilan qaraydi.

“Bu shunchaki chalg`itish, va`dabozlik oldingiga o`xshab. Kelib qarashsin, odamlardan so`rashsin, jurnalistlarning O`zbekistonga kirishi, kuzatib ketishi uchun viza ham berishmaydi. Hech narsa bo`lmayapti-ku, faqat quruq gaplar, siyosiy o`yin ketayapti. Qanaqa qilib ular bergan va`dasini ustidan chiqadi, kim bunga javobgar bo`ladi. Bu quruq gaplar, sanksiya kiritilgandan buyon eshitib kelayapmiz. Uch yil davomida biror bir natija bo`lishi kerak edi,” - deydi huquq himoyachisi Surat Ikromov.

Abdurahmon Tashanovning aytishicha, uch oy yoki yaqin bir yilda o`zgarish bo`lishi qiyin.

“Yevropa Ittifoqi optimist jihatdan yondashib, umid qilayapti, lekin men huquq himoyachisi va jurnalist sifatida biror o`zgarish bo`lishiga shubha qilaman, yana vaqt ko`rsatadi,” - deydi Tashanov.

Huquq himoyachisi Suhrob Ismoilov o`zgarish bo`lishi mamlakatni ichidagi siyosiy irodaga bog’liq, agar hukumat xohlasa qiynoqlar bir kunda to`xtashi mumkin deydi.

Yevropa Ittifoqi va rasmiy Toshkent muloqotlarida qamoqdagi inson huquqlari himoyachilarining taqdiri ham muhim o`rin tutadi.

Hozirgacha bir necha faol ozodlikka chiqdi, yana ko`plari qamoqda saqlanmoqda. Yaqinda esa hukumat tanqidchisi sifatida tanilgan shoir Yusuf Juma militsiyani haqoratlash va tan jarohati yetkazish aybi bilan 5 yil qamoq jazosiga hukm qilindi.

XS
SM
MD
LG