Breaking News

AQSh matbuoti Rossiya va Checheniston haqida


AQSh matbuotiga ko’ra, so’nggi paytda Rossiya qo’shni davlatlarga tez-tez dag’dag’a qilmoqda. Shu sabab, deb yozadi "Vashington Tayms", mazkur davlatlarni NATO kabi tashkilotlar o’z himoyasiga olishi kerak.


“Vashington Tayms” gazetasi Gruziya va Ukrainani nazarda tutmoqda. Aprel boshida Buxarestda o’tgan NATO sammitida Rossiya aralashuvi sabab bu ikki davlatning NATOga qabul qilinishi kechiktirildi.

Gazeta ta’biricha, Serbiyadan ajralib mustaqillikni qo’lga kiritgan Kosovoning misolidan Rossiya Gruziyaga nisbatan foydalanmoqchi. Ya’ni Gruziyadan o’tgan asrning 90-yillari boshida ajralib chiqqan, biroq xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Abxaziya va Janubiy Osetiyaga ham mustaqillik berilishini talab qilmoqda.

“Vashington Tayms”ning yozishicha, Rossiyaning bunday harakatlariga aniq va dadil javob qaytarish kerak. AQSh va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga Kosovo va Gruziyaning bo’lginchi hududlari o’rtasida farq borligini tushuntirishi lozim, ya’ni Gruziya Serbiya kabi etnik ozchilikdagi guruhlarni qirmagan va uy-joyidan ko’chirmagan. NATO Serbiyaning bu harakatlariga 1999 yildayoq chek qo’yib uni Kosovoni boshqarish huquqidan mahrum etgan.

NATO Gruziya va Ukrainani o’z safiga qo’shish bo’yicha imkon qadar tezroq harakat qilib, Rossiya talabiga ortiq bo’yin egmasligi kerak, deb yozadi “Vashington Tayms”.

AQShda chiqadigan yana bir gazeta, “Nyu-York Tayms” Checheniston poytaxti Grozniyning bugungi ahvoli haqida yozadi. Ikki urushni ko’rgan shahar neft sanoatiga kiritilayotgan sarmoyalar tufayli tiklanmoqda.

Chechenistonda 57 ta ommaviy qabr bor, biroq ular haligacha ochilmagan. Qurilish ishlari ba’zida ana shu qabrlar ustida olib boriladi. Urushda qilingan jinoyatlar bo’yicha haligacha tergov ishlari qo’zg’atilmagan, urush vaqtida duch kelgan joyga ko’milgan jasadlar shaxsi aniqlanmagan.

Yevropa Kengashi uzoq vaqtdan buyon Rossiya hukumatidan ommaviy qabrlarni ochib, qurbonlarni aniqlashni va tegishli joyga ko’mishni so’rab keladi.

Kengashning shu oyda Chechenistonga safar qilgan inson huquqlari bo’yicha komissari Tomas Xammarbergning aytishicha, ikkita urush asoratlarini shunchaki yoddan chiqarish yaxshi emas.

Checheniston hukumati ombudsmani Nurdi No’xajiyevning “Nyu-York Tayms”ga aytishicha, ikki urushda bedarak yo’qolganlar uch mingdan ziyod kishini tashkil etadi.

So’nggi yillar ichida Grozniy aholisi kamayib, shahar vayronadan hali tiklanganicha yo’q. Shaharda qurilish ishlari jadallashar ekan, Yevropa Kengashi hukumatdan qurilish maydonchalaridagi qabrlarni qurilish bitmasidan oldin ekspertizadan o’tkazishni so’ramoqda.

XS
SM
MD
LG