AQSh: Eron Tolibon va shia jangarilarni qo'llab-quvvatlamoqda


AQSh harbiylarining aytishicha Eron Afg’oniston va Iroqdagi jangarilarni qo’llab-quvvatlayotgani haqida yangi dalillar topilgan.

Tehron Afg’onistonda Tolibon va Iroqda shia jangarilarini qurol-yarog’ bilan ta’minlaydi, deydi harbiylar.

Pentagon Fors ko’rfaziga jangovar samolyotlarni tashuvchi ikki harbiy kemani safarbar etgan.

AQSh generali Karter Xem Eron ko’magi aynan nimadan iborat ekani haqidagi savollarni chetlab o’tsa-da, AQSh harbiylari qo’lida aniq dalillar bor demoqda.

Amerika Fors ko’rfaziga, Eronga yaqin suvlarga yana bir harbiy kemani safarbar etib, harbiy qudratini namoyish etmoqda, deydi kuzatuvchilar.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts “hech qanday mojaroni boshlayotganimiz yo’q, lekin bu bir ogohlantiruv” – deydi.

"Ko’rfazdagi kemalar Iroqdagi harbiy operatsiyalarga ko’maklashadi. Lekin shu bilan birga ittifoqchilar ham, dushmanlar ham shuni bilsinki", - deydi general Karter Xem. "Qo’shma Shtatlar global miqyosda ish yurita oladi va ittifoqchilarini himoya qiladi".

AQSh Davlat departamenti chiqargan yangi tahlilnomada Eron terrorizmning eng faol homiysi deb tilga olingan. Suriya, Shimoliy Koreya, Sudan va Kuba ham shu ro’yxatda.

Dell Dayli – Davlat departamentining aksil-terror idorasi rahbari. Uning aytishicha Eronning Afg’oniston va Iroqdagi maxfiy harakatlari xalqaro koalitsiya qo’shinlariga bosimni ushlab turishga qaratilgan.

Departament nazarida Janubiy va Markaziy Osiyo ham terror tizimlari takomillashib borayotgan hududdir. AQSh rasmiylarining aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari terrorizmga qarshi choralarni mustahkamlagan.

Biroq O’zbekiston kabi mamlakatlarda iqtisodiy nochorlik, ishsizlik va repressiv siyosat ekstremistlar uchun qulay sharoit yaratmoqda, deyiladi Kongress tomonidan talab qilinadigan yillik tahlilnomada.

XS
SM
MD
LG