AQShga ishchi vizalari (H-1B) olish qiyinlashgan


Nyu-York shahri AQSh biznes markazi. Uni jahon bozori joylashgan shahar ham deyishadi.

Chunki global miqyosda faoliyat yurituvchi biznes kompaniyalarining aksariyati aynan Nyu-Yorkda asoslangan yoki katta filiallarga ega. Shaharga har oy millionlab kishi kelib ketadi.

AQSh viza tizimi murakkablashar ekan, mamlakat xususiy sektori uchun chetdan mutaxassis olib kelish qiyinlashgan.

Yirik firma va birlashmalar Bush ma’muriyatidan ko’proq biznes vizalari berishni talab qilmoqda.

Nyu-York shahrini katta bir qozon deyishadi. Turli elat va millat, din va soha vakillari qaynaydi unda. Biroq shahar biznesmenlari nazarida Nyu-York va shu tariqa Amerika noyob iste’dod egalarini boshqalarga boy bermoqda.

Sabab, deydi ular, AQSh immigratsion tizimi H-1B ishchi vizalari berishni cheklab qo’ygan. Qo’shma Shtatlarda sanoaini xorijlik mutaxassis va ustalarsiz tasavvur qilish qiyin.

Mazkur yil AQSh elchixonalari 85 ming kishiga H-1B vizasi beradi xolos. Talab shu qadar kuchliki, berilgan kvota hajmi dastur e’lon qilinishining birinchi kunidayoq to’ldi. 1 aprel kuni.

2007 yilda 150 ming chet ellik H-1B vizasini olgan edi.

Nyu-York tadbirkorlar uyushmasi rahbari Katrin Uayld egri siyosat tufayli AQSh bizneslari dunyoning minglab o’tkir mutaxassislarini ishga yollay olmayapti deydi.

“Hukumat vizaga yo’q deb shunchalik qattiq turib olganki, xuddi xorijiy mutaxassislar qiladigan ishlarni bizning odamlar qilishga shaydek… Aslida unday emas…”

Tadbirkorlar uchun chetdan ishchi yollash arzon. Buning ustiga Amerikada muhandis va texnik soha egalari yetishmaydi. AQShga ko’proq mutaxassis kelsa, mamlakat iqtisodiyoti yanada kuchayadi; shuningdek, mamlakat madaniy va intellectual jihatdan yanada boyiydi degan qarash hukm suradi.

Nyu –York shahri u yoqda tursin, Nyu-York shtati chet eldan eng ko’p ishchi yollaydigan makonlardan biri. Shtat ma’murlari Kongressdan bozor talabiga qarab vizalar sonini belgilashni so’ramoqda.

Mazkur tashabbusni yirik alyuminum kompaniyasi - Alkoa ham quvvatlamoqda. Kompaniya vakili Kevin Laverining aytisicha viza cheklovlari tufayli bizneslar katta daromaddan ayrilmoqda.

“AQShning katta-katta sanoatlari cheklovlardan bezor bo’lib, odamlarini London va Yevropaning boshqa yirik shaharlariga ko’chirmoqda”, - deydi Laveri.

Biroq AQShda xorijdan ishga olishga qarshilik ham kuchayib bormoqda. Iqtisod zaiflashar ekan, aholi orasida ishini yo’qotayotganlar juda ko’p. Imkoniyat izlayotganlar kam emas.

Mark Kerkoriyan immigratiya tizimi isloh qilinsin deya talab qo’yayotgan siyosiy markaz rahbari. H-1B vizalari mamlakatga noyob mutaxassislarni emas, arzon ischi kuchini olib keladi deydi u.

“H-1B vizasi bilan kelayotganlar amerikaliklardan kamroq maosh oladi. Bilim yoki tajribasi ham mahalliy mutaxassislarniki bilan tenglasha olmaydi. Bizneslar arzon ishchi kuchi uchun kutashmoqda”.

Xususiy sektor bu fikrni inkor etadi. Tadbirkorlarning aytishicha, chet eldan kelgan har bir mutaxassis Amerikada yana besh ish o’rni yaratilishiga turtki bo’ladi. Xorijlik iste’dodlar o’zlari bilan yangi g’oyalar, yangicha qarash va uslub, qolaversa yangi talablar olib keladi.

XS
SM
MD
LG