"Jamiyat dardini ko'rsata olmagan matbuot xalqqa kerak emas"


AQShda joylashgan “Freedom House” - “Ozodlik uyi” tashkilotining so’nggi hisobotiga ko’ra, O`zbekiston so`z erkinligi keskin cheklangan davlatlardan biri bo’lib qolmoqda.

Ba’zilar nazarida vaziyat yaxshilanishiga umid bor.

Lekin jurnalistlarning aytishicha, matbuot bugun hukumat tomonidan to’liq nazorat qilinadi.

Mustaqil jurnalist Nosir Zokir “Ozodlik uyi” tahliliga qo'shiladi.

“Andijon fojealaridan avval “Ozodlik”, “BBC” kabi radiolarning byurolari ochilgan, ishlab turgan edi, har holda yomon holatda emasdi. Odamlar hech bo`lmaganda shu xizmatlarga kelib, o`z fikrini bildirar edi. Hukumat shunga ruxsat berib qo`ygan edi”, - deydi Nosir Zokir.

Jurnalistlar fikricha o`zbek matbuoti yil sayin turg`unlik sari bormoqda.

Mustaqillikning ilk yillari nisbatan erkin davr deya ta’riflanadi. 1990-yillar o`rtalarida matbuot keskin bosim ostiga olina boshladi. 2000- yillar boshida ham ayrim mustaqil nashrlar bor edi, bugunga kelib tamoman g’oyib bo’lgan.

O`zbek matbuotida so`nggi paytda biror o`zgarish kuzatildimi degan savolga sharhlovchi Temur Abdullayev shunday izoh beradi:

“10 yillar avval bizda senzura yo`q deb kelardik, keyin bilsak bor ekan. Buni hukumatning o`zi beixtiyor aytib qo`ydi. Senzura tugatilgach, bosh muharrir senzurasi matbuot nazoratini yanada yomonlashtirdi. Lekin shu jarayonda 2-3 ta gazeta o`zini ko`rsatdi, uzoq yashamagan bo`lsa ham, nimanidir aytdi. Hozirgi matbuot o`sha paytda chiqqan maqolalarni orzu ham qila olmaydi, ijtimoiy ahvol ochib tashlagan maqolalar chiqqan edi”, - deydi sharhlovchi.

Kuni-kecha O`zbekiston qonunchilik palatasi, O`zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi va Matbuotni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi ishtirokida matbuotni liberallashtirish mavzuidagi konferensiya o`tdi.

Anjumanda matbuotni demokratlashtirish tez sur’atlarda kechayotgani, buning uchun hukumat tomonidan barcha shart-sharoit yaratilayotgani ta`kidlandi.

Temur Abdullayevning aytishicha, haqiqiy vaziyat mutlaqo boshqacha.

“Xalq matbuot bor-yo`qligidan ham bexabar va qiziqmaydi. Uni yoddan chiqargan deyish mumkin. Sababi [xalq] dardi va davrni ko`rsatmagan matbuot xalqqa umuman kerak emas. Hukumat rasmiy nashrlardan faqat o`z siyosatining targ`iboti uchun foydalanishda davom etmoqda”, - deydi Temur Abdullayev.

O`zbek matbuoti haqida gap ketganda ayrim rasmiy doiralar matbuot erkinligi jurnalistlardagi ichki senzura bois ham rivojlanmayotganini ta`kidlaydi.

Mustaqil jurnalist Nosir Zokir ichki senzura haqidagi da`volarga o`z tajribasidan misol keltiradi.

“Ichki senzurasi yo`q, mustaqil, fikrlarini xalqqa yetkazib turgan Nosir Zokir degan odamni ikki og`iz gapi uchun 6 oyga qamab qo`ydi. Bizda shunaqa jurnalistlar borki, ularga Gorbachyov davridagi singari ozgina erkinlik berilsa, sizdan va bizdan ham o`tib ketishadi. O`shalar ham aytayapti: sizni nima qilishdi, biz ham sizdek bo`lishni xohlamaymiz deb. Gorbachyov davrida katta-katta siyosiy gazetalar bo`lardi, maqolalar chiqardi. Shu 17 yilda o`sha erkinlik batamom yo`q qilindi. Jurnalistlarda ichki senzura bor deyish, odamlarni laqillatish. Ozgina erkinlik kerak”, - deydi jurnalist Nosir Zokir.

XS
SM
MD
LG