Yaqin Sharqda yil oxirigacha tinchlik o'rnatilishi mumkin


AQSh Davlat kotibi Kondoliza Rays va Yaqin Sharq bo’yicha To’rtlik guruhining vakili Toni Bleyr yil oxirigacha Isroil-Falastin tinchlik bitimiga erishish mumkin demoqda. Bugun Londonda To’rtlikka a’zo davlatlar vakillari uchrashgan.

To’rtlikka AQSh, Rossiya, Yevropa Ittifoqi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti kiradi. Rays va Bleyrning aytishicha, so’nggi paytda Falastin prezidenti Mahmud Abbos va Isroil Bosh vaziri Yahud Olmert bilan sahna ortida qator muzokaralar o’tkazilgan.

"Mintaqada vaziyat og’ir va unga qarab tinchlik bitimiga erishish amri mahol deb o’ylash mumkin," deydi Yaqin Sharq bo’yicha To’rtlik vakili, Britaniya sobiq bosh vaziri Tony Bleyr. "Biroq tinchlik bitimiga erishishdan o’zga chora yo’q. Ishni davom ettirish kerak."

Ertaga Kondoliza Rays Quddusda bo’lib Isroil va Falastin rasmiylari bilan uchrashadi.

Uning aytishicha, tinchlikka erishish borasida katta ish qilinmoqda va yil oxirigacha uning samarasini ko’rish mumkin.

To’rtlik uchrashuv yakunida bayonot qabul qilib, Isroil G’arbiy Sohilda ayrim yo’l to’siqlarini olib tashlagani, Falastin muxtoriyati esa xavfsizlikni ta’minlash bobida ancha yutuqqa erishganini ta’kidlagan.

To’rtlik uchrashuvidan so’ng xalqaro donorlar majlisi ham bo’lib Falastinga moliyaviy yordam berish muhokama qilingan. AQSh hisobicha, Falastin byudjetining kamomadi 600 million dollarni tashkil qilmoqda, moliyaviy yordam va’da qilgan arab davlatlari esa ko’p pul ajratmagan.

XS
SM
MD
LG