AQSh Rossiyaning Gruziyaga qo'shimcha kuchlar kiritishiga qarshi


AQSh Davlat kotibi Kondoliza Raysning aytishicha, Gruziyaning bo’lginchi Abxaziya va Janubiy Osetiya hududlariga qo’shimcha rossiyalik tinchlikparvar kuchlarining kiritilishiga hojat yo’q.

Qo’shimcha kuchlarning Abxaziya va Janubiy Osetiyaga kiritilishi tinchlikparvar kuchlar maqomi haqidagi shartnomaga xilof emas, biroq, deydi Kondoliza Rays, bu hol vaziyatni taranglashtiradi xolos. Ammo Gruziya nazarida yangi kuchlarni kiritish uchun Rossiya rasmiy Tbilisi roziligini olmagan.

Raysning aytishicha, Kreml Gruziyaning hududiy daxlsizligiga rioya qilishi kerak va Rossiyaning bo’lginchi ikki hududdagi har bir harakati rasmiy Tbilisi bilan maslahatlashgan holda amalga oshirilishi kerak.

"Rossiya va Gruziya o’rtasidagi tarang aloqalarni hisobga oladigan bo’lsak, hududlarga qo’shimcha askarlarni kiritish teskari natijaga olib keladi. Rossiya va Gruziya bevosita muloqot orqali o’rtadagi ziddiyatlarni yumshatishi kerak. Vaziyatni nazorat ostidan chiqarmaslik lozim," deydi AQSh davlat kotibi.

Rays Abxaziya va Janubiy Osetiya aholisining tashvish va muammolari Gruziya umumiy davlatchiligi doirasida inobatga olinishi kerakligini ta’kidlagan.

Bugun Rays Londonda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan Gruziya va Kosovo masalasini muhokama qilgan. Ma’lumki, G’arbning Kosovo mustaqilligini tan olishidan asabiylashgan Rossiya Abxaziya va Janubiy Osetiyaga ham shunday munosabatda bo’linishini aytadi. Biroq G’arb fikricha Kosovo misoli Abxaziya va Janubiy Osetiyanikidan keskin farq qiladi.

XS
SM
MD
LG