O'zbekiston, Turkmaniston diniy erkinlik bobida xavotir uyg'otmoqda


Xalqaro diniy erkinliklar bo’yicha AQSh komissiyasi (U.S. Commission on International Religious Freedom) “alohida tashvishga molik” davlatlar ro’yxatini e’lon qildi.

Unda jumladan O’zbekiston va Turkmaniston ham o’rin olgan. Qozog’iston bu yili “kuzatuv ostidagi” mamlakatlar qatorida.

Diniy tazyiq yuzasidan tashvishlanarli davlat deb – Birma, Shimoliy Koreya, Eritreya, Eron, Pokiston, Xitoy, Sudan hamda Vietnam tilga olinyapti. O’zbekiston va Turkmaniston bilan birga jami 11 davlat.

Afg’oniston, Bangladesh, Belarus, Kuba, Misr, Indoneziya va Nigeriyadagi diniy ahvol esa kuzatuv ostida.

Bunday ro’yxatlar AQShning Xalqaro diniy erkinliklar bo’yicha mustaqil komissiyasi tomonidan har yili tuziladi va hukumatga taqdim etiladi. “Diniy ahvol tashvishlanarli” deb topilgan davlatlarga nisbatan qanday chora ko’rish haqida Bush ma’muriyati va Kongressga maslahat beriladi.

“Qora” ro’yxatga ilk bor 2006 yilda kiritilgan O’zbekiston komissiya nazarida bu yili ham shu ro’yxatda qolishi kerak.

“O’zbekistonda musulmonlar hukumatning kuchli repressiyasi ostida. Dindonlik ko’pincha ekstremizm va terrorizmga bog’lanib, taqvodorlar hibsga olinadi”, - deyiladi komissiya hisobotida.

AQSh Davlat departamenti hisobicha O’zbekistonda 5 ming kishi shunday ayblar bilan qamoqqa tashlangan. Amaldagi qonunlar diniy birlashmalar faoliyatini cheklaydi. 100 dan ortiq diniy guruh ro’yxatdan o’ta olmagan.

Komissiya nazarida xavfsizlik choralari hukumatning repressiv siyosatini oqlamaydi. AQSh hukumatiga O’zbekistondagi huquq ahvolini sinchiklab tekshirish va mahalliy faollarni himoya qilish tavsiya qilingan.

Turkmanistonda rahbariyat o’zgargani bilan diniy guruhlarni ta’qib qilish to’xtagani yo’q. AQSh rasmiylarining aytishicha, sobiq bosh muftiyning ozod qilinishi kabi kichik qadamlar qo’yilgan bo’lsa-da, diniy erkinlik bobida izchil islohotlar kuzatilmayapti. Shu bois Turkmanistonni “alohida tashvishga molik” davlatlar ro’yxatidan chiqarmaslik lozim, deya xulosa qiladi AQSh komissiyasi.

XS
SM
MD
LG