O'zbekistonda erkin e'tiqod qilish mumkinmi?


Huquq himoyachilari fikricha, O`zbekistonda diniy ayblov yuzasidan ta`qiblar kuchaymoqda.

Xalqaro hisobotlarda O`zbekiston diniy e`tiqod erkinligi keskin cheklangan sanoqli davlatlar qatorida tilga olinadi.

Chunonchi yaqinda missionerlik bilan shug’ullangan bir necha fuqaro ustidan sud jarayoni o`tgan.

Ekstremist tashkilotlarga aloqadorlikda ayblangan bir guruh musulmonlar uzoq muddatga qamalgan.

O`zbekistonda fuqarolarni noqonuniy diniy tashkilotlarga aloqadorlikda ayblab, sudlash hollari tez-tez kuzatiladi. Yaqinda boshqa diniy konfessiyaga aloqador odamlar javobgarlikka tortilgani xabar qilingan.

“Uzmetronom” axborot sayti Samarqandda nasroniylikning “Iyegova shohidlari” oqimi a`zosi Olimjon To`rayev missionerlikda ayblanib, to`rt yil qamoq jazosiga hukm qilingani haqida xabat bergan. Biroz avval bu oqimning boshqa bir a`zosi missionerlikda ayblanib, 2 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Mazkur sayt muharriri jurnalist Sergey Yejkovning aytishicha, ko`p davlatlarda missionerlik taqiqlanmagan, insonning kimga sig`inishi o`ziga xavola.

“Biroq bu mamlakat qonunchiligiga to`g`ri kelmasa, boshqa masala. Menimcha, bu yerda biror siyosiy sabablar haqida gapirish kerak emas. Har bir davlat bu sohada o`ziga ma`qul ravishda tartib o`rnatishga harakat qiladi, bunday tartib o`rnatilishi to`g`rimi yoki noto`g`rimi, boshqa masala”, - deydi Sergey Yejkov.

O`zbekistonda diniy e`tiqodi uchun ta`qibga uchraganlarning ko’pi musulmonlar bo`lsa-da, keyingi paytda nasroniylarga ham tazyiq kuchaygani ta`kidlanmoqda.

Samarqand va Toshkentda nasroniylikning turli oqimiga qarashli bir necha cherkov va ibodatxona yopilgan. Ayrim xabarlarga ko`ra, missionerlikka qarshi kurashish uchun mahallalarda tushuntirish ishlari boshlangan.

O`zbekistonda yuzlab odamlar diniy ekstremizga aloqadorlikda ayblanib qamalgan. Huquq himoyachilari fikricha bu mahbuslar hukumat ta`kidlayotganidek ekstremistlar emas, balki asosan diniy e`tiqodi uchun jazolangan musulmonlar.

Yaqinda Qashqadaryoda diniy ekstremizm va aksilkonstitutsiyaviy harakatda ayblangan 14 kishi 13 yildan 20 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi.

Ayblanuvchilarni himoya qilgan advokat Ruhiddin Komilov bu borada o`tgan sud-tergov jarayonini sharmandalik deb ataydi.

“13-14 kishi ayblanayapti. Qanaqadir yangi oqim, jihodchilar oqimi tashkil qilib, davlat to`ntarishi qilmoqchi emish. Vaholanki, sud jarayonida aniq bo’ldiki, ko`pchiligi bir-birini tanimaydi. Ularni yagona maqsad atrofida birlashgan deb, yo`q narsadan bor narsa qilishdi. Diniy e`tiqod yuzasidan o`tgan bu ishni oladigan bo`lsak, ayblov mavhum, g`ayriqonuniy, g`ayri-insoniy. Besh mahal namoz o`qisam, nimasi gunoh deyishayapti sudda”, - deydi Ruhiddin Komilov.

Huquq himoyachisi Abdusalom Ergashev fikricha islom bag’rikenglikni targ`ib etadi, biroq O`zbekistonda bu qoidalar buzilmoqda.

“1990-yillardan boshlab sobiq ittifoqdagi ko`pchilik musulmonlarda haj ziyoratiga borish imkoniyati tug`ildi. Odamlar bu mamlakatlarda islomdagi bag`rikenglikni o`z ko`zlari bilan ko`rishayapti. U yerda bir necha xil mahzabdagi odamlar namoz o`qishadi. Hech kim hech kimga tanbeh bermaydi. Sen nega bu mahzabda namoz o`qiyapsan deb. Bag`rikenglik emas, bag`ritorlik avj olib borayapti. Bu aslida boshqa mahzablar huquqini poymol qilishdan boshqa narsa emas,” - deydi Abdusalom Ergashev.

O`zbekiston musulmonlar idorasi mamlakatda diniy e`tiqod erkinligi buzilayotganini inkor etadi. Rasmiy idoralar O`zbekistonda turli konfessiyalar ro`yxatga olingani, ochiq faoliyat yuritayotganini, missionerlik qonun bo`yicha taqiqlanganini ta`kidlaydi.

XS
SM
MD
LG