Tojikiston matbuoti qo'shni davlatlarga qaraganda erkinroqmi?


Mustaqil tojik tahlilchilaridan birining aytishicha, so’z erkinligi sabab, fuqarolar urushi vaqtida Tojikistonda 77 qalamkash o’ldirildan. Yuzdan ortig’i bedarak ketgan va olti yuzga yaqin ijodkor respublikani tark etdi.

Tojikistonlik o’zbek ijodkori, hikoyanavis Veneraxonim mamlakatda so’z erkinligi chegaralan deydi.

“Xalqning o’ziga so’z erkinligi yetib bormagan. Bu erkinlikdan to’la foydalanish huquqiga ega emasmiz deb tushunadi. Xalq savodli bo’lgani holda siyosat va iqtisod so’z erkinligiga ta’sir qiladi. So’z erkinligi amaldorlar tabaqasiga o’tmaydi va ular bunga yo’l bermaydilar,” - deydi Veneraxonim.

«Varorud» nomli axborot-tahlil agentligi ishchisi Taxmina Ubaydullayeva Tojikistonda so’z erkinligi borasida ozodlikni sezish mumkin deb biladi. Uning fikricha, bu borada Tojikiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida oldingi o’rinlardan birini egallaydi. Taxminaning aytishicha, bugungi kunda Tojikiston matbuotida uchrayotgan dadil maqolalar respublikada so’z erkinligidan dalolat beradi.

“Lekin jurnalistlarning huquqiy himoya qilinmayotgani bois qo’rquv bor,” - deydi T.Ubaydullayeva.

“Sho’lai umed” nomli nodavlat gazeta xodimi Zilola Uzoqberdiyeva nazarida ayni paytda so’z erkinligi borasida gapirishning mavridi emas.

“Studenligimizning boshlang’icn davrida «Ro’zi nav» va «Nero’i suxan» nomli gazetalar o’z faoliyatini boshlagan edi. O’sha davrda biz bu gazetalar bilan hamkorlik qilar edik. Ammo hali talabalik tugamasdanoq bu gazetalar berkitib qo’yildi. Shunday ekan Tojikistonda so’z erkinligi istaganimizdek deb bo’lmaydi,” - deydi Z. Uzoqberdiyeva.

Tojikistondagi So’g’d viloyat hukumatining “Sogdiyskaya Pravda” gazetasi muxbiri Baxtiyor Valiyev fikriga ko’ra, hozirgi kunda jurnalistlar erkinroq bo’lsada o’z chiqishlari uchun ham javobgar.

“Jurnalistlarimiz oldingi yillardagiga qaraganda ancha-muncha narsalarni gapira oladi. Ana shunday izhori bayonlardan keyingi oqibatlar esa boshqa masaladir,” - deydi B.Valiyev.

O’zbek ijodkori Veneraxonimning fikricha, so’z erkinligi jumhuriyatda jamoatchilik orasida g’iybat shaklida mavjud bo’lib, so’z egalari ochiq fikrni yuqori pog’onalarga chiqarishga jur’at qilmaydi.

“Chunki bugungi sharoit, iqtisodiy tanglik ma’lum ma’noda xalqni siqib qo’ygan. Og’zidagi nonini kimgadir berib qo’yishni, oilasi qiynalishini xalq istamaydi. Yuqorida turgan amaldorlar ham shu ma’noda xalqning so’z erkinligini qabul qilolmaydi. U ham o’z manfaatlariga ziyon yetishidan qo’rqadi,” - deydi Veneraxonim.

XS
SM
MD
LG