NATO kimlar hisobiga va qanday kengaymoqda?


Sovet Ittifoqi qulaganidan beri NATO - Shimoliy Atlantika Harbiy Blokiga 10 mamlakat qo’shilgan.

O'tgan oy Buxarestdagi sammitda Albaniya va Xorvatiya taklifnomani qo’lga kiritdi-yu, lekin Makedoniya a’zoligi keyinga qoldirildi.

NATO a’zosi Gretsiyaning Makedoniya nomli o’z hududi bor va sobiq Yugoslav respublikasi nomini o’zgartirishi kerak deb turib olgan.

AQShning NATOdagi sobiq elchisi Robert Xanterning tushuntirishicha, tashkilotning har bir a’zosi har bir masalada veto huquqiga ega.

Tarixiy merosga da’vogarlik qilayotgan Gretsiya nazarida, Makedoniya bir kun kelib uning hududiga ko’z olaytirishi mumkin. Masala tomonlar bir to’xtamga kelgunga qadar qoldirilgan.

Londonlik tahlilchi Tomas Valasek Makedoniya rahbarlari noqulay ahvolga tushib qoldi deydi. Uning aytishicha, endilikda asosiy vazifa mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, toki Makedoniya NATOdan yuz o’girmasin.

Gruziya va Ukraina ham hozircha NATOga qabul qilinmaydi.

Siyosatdon Charlz Kupchanning aytishicha, Bush ma’muriyati Gruziya va Ukraina nomzodini qo’llab-quvvatlagan bo’lsa-da, sammitda “hozircha ular bunga tayyor emas” degan bayonot yangradi. Biroq yakuniy xulosa shuki, ular bir kun kelib tashkilotga qo’shiladi.

Ma’lumki, Rossiya NATOning sharq tomon kengayishiga unga nisbatan xavf deya qaraydi. Yevropa davlatlari, xususan Fransiya va Germaniya buni hisobga olib, Tbilisi va Kiyevning a’zolik haqidagi iltimosini kechiktirishga qaror qildi, deydi Charlz Kupchan.

Buning ustiga, NATO Buxarest anjumaniga Rossiya bilan so’nggi yillarda sovuqlashgan munosabatlarni yaxshilash uchun yaxshi imkoniyat sifatida qarab, sammitga prezident Vladimir Putinni ham taklif qilgan edi.

Norvegiyalik mutaxassis Asl Toje nazarida Gruziya va Ukraina NATOga kirishga tayyor emas degan gaplarda jon bor. Ukrainaning harbiy ittifoqqa qo’shilishiga mamlakat aholisining uchdan-ikki qismi qarshi. Gruziya esa Rossiya harbiylari joylashgan ikki bo’lginchi hududi bilan til topisha olmayapti.

NATO AQShning Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa vositalarini o’rnatish rejasini qo’llab-quvvatlagani Bush ma’muriyati uchun katta yutuq deydi sharhlovchilar. Vladimir Putinning G’arbga qarshi agressiv, qaltis bayonotlari NATO a’zolarini masala yuzasidan jipslashtirgani aytiladi.

Tahlilchilar ta’biricha NATO kelajakda butun Yevropani qamrab oluvchi mudofaa tizimini bunyod etishi turgan gap. Qo’shma Shtatlar Chexiya va Polshada o’rnatishi kutilayotgan radar va raketalar ushbu tizimning bir qismiga aylanadi.

XS
SM
MD
LG