Yevropa sudi o'zbekistonlik qochqinlar yonini oldi


Rossiyaning Ivanovo shahrida so’nggi uch yildan buyon O’zbekistonga ekstraditsiya qilinish tahdidi ostida yashab kelayotgan 12 nafar o’zbekistonlikning Inson huquqlari bo’yicha Yevropa Sudiga arzi qondirildi. Sud Rossiya hukumati qochqinlarga 300 ming dollar kompensatsiya to’lasin deb qaror chiqardi.

Strasburgdagi Yevropa Sudi jami 13 kishi foydasiga qaror chiqargan. O’zbekistonliklardan tashqari Qirg’izistonning bir fuqarosi ham bor. O’zbek millatiga mansub.

“Ivanovolik o’zbeklar” nomini olgan 13 kishi ko’p yillardan buyon Rossiyada yashaydi. 2005 yil Andijon voqealaridan so’ng O’zbekiston ularni voqealarga aloqador deb ekstraditsiya qilishni so’ragan. Biroq inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi xalqaro va Rossiya tashkilotlari, matbuot hamda Yevropa Sudi aralushuvi tufayli ularning O’zbekistonga chiqarilishiga yo’l qo’ymagan. Qochqinlar xalqaro tashkilotlar yordamida Yevropa Sudiga shikoyat qiladi va sud ularning foydasiga qaror chiqaradi.

Rossiyadagi Svetlana Gannushkinaning aytishicha, shikoyat o’tgan yil avgustida rasmiylashtirilgan.

"Sud Rossiyani Yevropa Konvensiyasining qator bandlarini buzganlikda aybdor deb topgan. Xususan qiynoqlarni man qiluvchi uchinchi bandini, shaxsiy erkinlik va daxlsizlikni ta’minlovchi hamda hibsga olishning qonuniyligini sud tomonidan qisqa muddatda tekshirilishini talab qiluvchi beshinchi va yana qo’shimcha ikki bandini," deydi Gannushkina.

Xalqaro qonunchilikka ko’ra, qochqinlarni qiynoqlarga solish amaliyoti mavjud davlatga ekstraditsiya qilish mumkin emas, O’zbekistonda esa bu jiddiy muammo.

Rossiyalik huquq himoyachisining aytishicha, hukumat ikki oy ichida Yevropa Sudining Katta palatasidan ishni qayta ko’rib chiqishni so’rashi mumkin.

"Shunday bo’lgan taqdirda," deydi Gannushkina, "Katta palata qarorni o’z kuchida qoldirishiga shubha yo’q. Bir oz vaqt boy beriladi xolos."

Shundan so’ng o’zbekistonlik qochqinlar, ya’ni 12 kishi Shvetsiyaga yuboriladi. Qirg’izistonlik qochqin taqdiri esa, Svetlana Gannushkinaning aytishicha, hozircha aniq emas, lekin u har holda o’z yurtiga qaytishi mumkin bo’ladi.

Huquq himoyachisi fikricha bir yarim yil davomida asossiz ravishda qamoqda o’tirgan qochqinlarga tayinlangan 300 ming dollarga teng kompensatsiya puli uncha katta emas. Har holda iqtisodiyoti gurkirayotgan Rossiya uchun.

Gannushkina buni Rossiya uchun uyatli hol deydi.

"So’nggi paytda hukumat Yevropa Sudidagi shikoyatlar asosida osonlikcha ko’p pul to’lagan. Rossiya huquq himoyachilari bu amaliyotga o’zlaricha “hukumatning shaxsga qarshi jinoyati uchun soliq” deb nom ham bergan," deydi mutaxassis.

Ivanovoda so’nggi o’n yildan buyon oilasi bilan yashab kelgan Qobuljon Qosimxo’jayev Yevropa Sudi qarorini xursandchilik bilan qarshiladi. Qosimxo’jayev O’zbekiston va Rossiya hukumatining ularga qo’ygan ayblovlarini asossiz deydi. Asli andijonlik bu odamning aytishicha, ular Shvetsiyaga muhojirotga majburan chiqib ketishmoqda, biroq vatanga qaytib borishga umid qilishmoqda.

Aytish joizki, “Ivanovolik o’zbeklar” jamoatchilik diqqat markaziga tushib qolgani uchungina asossiz ushlab turishdan ham kattaroq adolatsizlikka uchragani yo’q. Biroq so’nggi 2-3 yil ichida ko’plab o’zbekistonlik qochqinlar asosan Rossiya va Qozog’istondan ekstraditsiya qilingan. Ayrimlarini esa, Gannushkina fikricha, O’zbekiston xavfsizlik xizmatchilari o’g’irlab olib chiqib ketgan. Yevropa Sudining qarori bu kabi amaliyotlarga kelajakda chek qo’yish uchun saboq bo’ladi, deydi u.

XS
SM
MD
LG