Breaking News

Islom va matbuot erkinligi. Bir-biriga mos tushunchalarmi?


AQShda asoslangan Fridom Xaus (Freedom House), ya’ni Ozodlik uyi deb nomlanuvchi tashkilot chop etgan hisobotga ko’ra, jahon bo’ylab matbuot erkinligi darajasi o’tgan yilga qaraganda pasaygan. Ayniqsa arab davlatlarida matbuot azaldan erkin bo’lmagani ta’kidlanadi.

Ba’zi tahlilchilar nazarida bu islom dinining so’z va matbuot erkinligi kabi g’arb ideallariga mos kelmasligidan dalolatdir. Biroq boshqalar fikricha, buning dinga aloqasi yo’q. Gap arab va musulmon davlatlaridagi hukumatlarning repressiv tabiatida.

Fridom Xaus hisobotida aytilishicha, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqalarida ahvol bir oz yaxshilangan. Bunga u yerdagi hukumatlarning siyosati emas, balki matbuot erkinligi uchun kurashayotgan arab jurnalistlarining ko’payib borayotgani sababdir. Ayniqsa Misrda.

Lekin umuman olganda Yaqin Sharq-Shimoliy Afrika mintaqasidagi 15 arab mamlakati erkin emas va atigi uchtasi qisman erkin deb tan olingan. Mamlakatlarni matbuot erkinligi darajasiga ko’ra guruhlarga bo’lishda tashkilot qator omillardan foydalangan.

Biroq asosiy savol bunday vaziyatning islom diniga qanchalik aloqadorligida.

Radvan Masmudi Vashingtondagi Islom va demokratiyani o’rganish markazi asoschisi va rahbari.

Uning aytishicha, matbuotdagi xabarlarga e’tibor qaratgan kishi muammo islom dinida, din so’z va matbuot erkinligini bo’g’moqda degan xayolga borishi mumkin.

"Bu asosli savol. Biroq men aybni dinga emas, hukumatlarga qo’ygan bo’lar edim. Agar asosan musulmonlar yashaydigan davlatlarni olib qarasangiz, ularning aksariyati islomiy davlat emas. U yerda dunyoviy tuzum hukmron, hukumatlar esa repressiv," deydi Radvan Masmudi.

Biroq boshqa mutaxassislar nazarida islomiy boshqaruv hukmron davlatlarda so’z va matbuot erkinligi cheklangan va ba’zida ular dinga shak keltiruvchi omil sifatida qabul qilinadi.

Fridom Xaus tashkiloti vakili Kristofer Uokerning aytishicha, G’arb va musulmon davlatlarida matbuot erkinligi o’rtasida katta farq bor.

"Ancha taraqqiy etgan, o’qimishli fuqarolik jamiyatida bag’rikenglik va fikrlash darajasi keng rivojlangan. Diniy mavzuni o’z ichiga olgan bahs va munozaralar zo’ravonliksiz, tinch o’tadi, jamiyatda siyosiy yetuklik seziladi," deydi Uoker.

Rasvan Masmudining aytishicha, islom dini bag’rikenglikni targ’ib qiladi va ayrim musulmon davlatlarda bu ko’zga tashlanmoqda.

"Agar islom dini tarixiga nazar solsangiz, shakkoklik doim ham jazoga yetaklamagan. Muhammad payg’ambar hayotligi davrida bir kishi u haqda haqoratomuz she’r yozib ibodatxonaga osib ketadi. Payg’ambar safdoshlari g’azablanib she’rni yirtib tashlamoqchi bo’ladi, biroq Muhammad uni o’z joyida qoldirishni va yoniga Qur’ondan bir sura bitilgan qog’ozni yopishtirib qo’yishni so’rab, bitiklarni odamlar hukmiga havola qilishni buyuradi."

Masmudining aytishicha, G’arb matbuotida islomga qarshi xurujlar musulmon dunyosidagi mutaassib guruhlar va ularning “G’arb asrlar davomida islom diniga qarshi siyosat yuritib, musulmon dunyosini qoloqlashtirishiga intildi” degan fikrlarini kuchaytirdi. Qoloqlik natijasida, deydi mutaxassis, intellektual erkinlik cheklandi, chunki ulamolar shu tariqa dinni himoya qilishga harakat qildi.

Bugunga kelib arab va musulmon davlatlarida islom qadriyatlarini o’z ichiga olgan demokratik tuzum o’rnatilishini talab qilayotgan siyosiy jarayon shakllanmoqda, deydi Islom va demokratiyani o’rganish markazi prezidenti Rasvan Masmudi.

Fridom Xaus tashkiloti xodimi Kris Uokerning aytishicha, Internet, sun’iy yo’ldosh televideniyesi, uyali telefon kabi axborot uzatishning yangi vositalari rivojlanishi bilan musulmon dunyosida so’z va matbuot erkinligi uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda.

XS
SM
MD
LG