O'zbekistonda advokatlar endi yagona palataga a'zo bo'lishi shart


O’zbekiston prezidentining “Advokatura institutini yanada isloh qilish chora tarbirlari” to’g’risidagi farmoni sud jarayonida inson huquqlari himoyachilari ishtirokini cheklashi mumkin.

Farmonga muvofiq advokatlar uyushmasi o’rniga advokatlar palatasini tuzish ko’zda tutilgan. Palataga a’zo bo’lgan huquqshunosgina oqlovchilik bilan shug’ullanishi mumkin bo’ladi. Advokatlik litsenziyasini olish esa ancha murakkablashadi.

Ayrim mutaxassislar ushbu farmon mamlakat advokatlarining huquqiy ahvolini yaxshilash uchun biror imkoniyat yaratishiga shubha bildirmoqda.

Toshkent shahar advokatlar uyushmasi raisi Gulnora Eshonxonova so’zlariga ko’ra bundan keyin advokat sifatida faoliyat yuritayotgan shaxs palataga a’zo bo’lishi shart.

“Palata advokaturaga doir qo’shimcha hujjatlarni ishlab chiqadi. Kasb etikasi, a’zolarni intizomi masalalarini ham ko’rib chiqadi. Advokatlar malaka komissiyasi Adliya vazirligi qoshida bo’lgani uchun davlat idorasi advokatlarga nisbatan chora ko’rish vakolatiga ega bo’lib kelayotgan edi. Advokaturani soha sifatida mustaqil qilish uchun bu vakolatlarni o’zimizga olishimiz kerak. Farmon advokatura mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi”, - deydi Eshonxonova.

Sharhlovchilar nazarida advokatlarni yagona palataga birlashtirish ular faoliyati ustidan nazoratni kuchytiradi. Advokatga litsenziya berish, bu litsenziyani bekor qilish ham palata zimmasiga yuklatiladi. Advokatura sohasida rasman nohukumat, ammo norasmiy tarzda unga tobe bo’lgan yangi bir tuzilma paydo bo’ladi.

Sud-tergov jarayonlarida advokat o’rni ko`p hollarda mutlaq ahamiyatsiz qoladi. Buning sababi sud jarayonida advokat da’volari inobatga olinmasligi, sud asosan prokuratura irodasi va bosimiga ko’ra o’tishi bilan bog’liq.

“Farmonda advokatura haqidagi qonunlarni takomillashtirishdan tashqari sud jarayonida ayblov va himoya tomonini huquqlarini tenglashtirishga ahamiyat qaratilgan”, - deydi Eshonxonova.

Advokat Ruhiddin Komilov fikricha farmon advokat ish faoliyatida biror yangilik qilishi shubhali. Sud tergov jarayonida advokat o’rnining ahamiyatsizligi - advokatura haqidagi mavjud qonun ishlamasligi bilan bog’liq.

“Qonunni ham bir tiyinga olmayapti-ku. Qanaqasiga farmonni inobatga oladi. Farmon qonundan pastroq turadi. Avvalgi advokatura haqidagi qonunlar ijrosi bo’lsa, yomon qonun emas. Palata yaratgan bilan advokatni huquqi himoyalanmasa, ijro mexanizmi bo’lmasa, bu hammasi gap-so’z”, - deydi Ruhiddin Komilov.

Farmonda “huquqshunoslik sohasida maxsus bilimga ega bo’lmagan shaxslarning sud ishida ishtrok etishiga yo’l qo`ymaslikka qaratilgan taraflar vakilligi institutini bosqichma-bosqich takomillashtirish” belgilangan.

Huquqshunoslik sohasida maxsus bilimga ega bo’lmagan va sud jarayonida istirok etayotgan shaxslar sifatida inson huquqlari himoyachilarini ham tushunish mumkin. Gulnora Eshonxonova huquq himoyachilari nazarda tutilayotgani ehtimolini mumkin hisoblaydi.

“Har bir shaxs malakali huquqiy yordam olish huquqiga ega. Davlat tomonidan advokatura instituti tashkil qilingan. Endi huquq himoyachisiman deb jarayonga kirib borsa, himoya qilayotgan odamini ham boshi berk ko'chaga olib kirib qo’yishi mumkin. U ishonchnoma oladi va hammani sarson qiladi”, - deydi Eshonxonova.

Ta’kidlash lozim, huquq himoyachilari siyosiy jarayonlarda ham qatnashadi. Ba’zan ular jamoatchi himoyachi sifatida jarayonga taklif etiladi. Huquq himoyachisi Surat Ikromovning aytishicha faollar sudda advokat huquqi qanchalik ta’minlanayotganiga ham e’tibor qaratishadi.

“Sud qanday o’tayapti? Normalar buzilmayaptimi? Qiynoqlar qo’llanganmi? Advokat bormi? Asosan shularni monitoring qilish. Bizga advokatlar bo’yicha ham ko’plab murojaat qilishadi. Biz advokatning salohiyatiga qarab tavsiya berishimiz mumkin”, - deydi Surat Ikromov.

Mutaxasislar fikricha advokatura mustaqilligi qo’shimcha chora- tadbirlarga emas, mavjud qonunni amalda ishlashiga bog’liq.

XS
SM
MD
LG