AQSh Belarusdagi elchixonasini yopishi mumkin


Belarus hukumati AQShning Minskdagi elchixonasi xodimlarini josuslarni yollayotganlikda ayblagan. Ziddiyatlar kuchayar ekan, rasmiy Minsk amerikalik 10 diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborgan.

AQSh Davlat departamenti rasmiysi Tom Keysi “ayblovlar quruq safsata, elchixona xodimlarini kamaytirish uchun bir bahona” deydi. AQSh rasmiylari Belarusga qanday javob berish ustida o’ylanmoqda.

“Josuslar haqidagi ayblov osmondan tushganday bo’ldi”, - deydi tahlilchi Jeyson Layll. “Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko o’zini telbalarcha tutmoqda. Shoshqaloqlik bilan, mulohaza qilmasdan ish yuritish unga xos narsa”.

Minsk-Vashington o’rtasidagi munosabatlar anchadan beri sovuq. AQSh va Yevropa Ittifoqi Lukashenko hukumatiga iqtisodiy sanksiyalar qo’ygan. Mamlakat rasmiylarining chetga chiqishini cheklagan.

1994 yilda prezident etib saylangan Lukashenko qattiqqo’ol rahbar sifatida tanilgan. Rend Korporatsiyasi nomli tashkilot eksperti Olga Olikerning aytishicha, mamlakatda so’z va matbuot erkinligi yo’q. Lukashenko hukumat faoliyatini to’liq nazorat qiladi. Muxolif partiyalar yo’q hisob.

Garvard Universitetida Marshal Goldman Belarus rahbarini palapartish ish yurituvchi, tanqidni ko’tara olmaydigan shaxs deb hisoblaydi. Hukumatni tanqid qilganlar quvg’inga uchraydi, deydi u.

AQSh va Yevropa Ittifoqi nazarida Aleksandr Lukashenko “Yevropaning so’nggi diktatori”. Mamlakat – Birma, Kuba, Eron, Shimoliy Koreya va Zimbabve qatorida – G’arb tomonidan doimiy tanqid ostida. Rasmiy Minsk G’arb davlatlarini uning ichki ishlariga burun suqayotganlikda ayblaydi.

Belarusning yaqin hamkori Rossiya Minsk-Vashington o’rtasidagi so’nggi mojaro yuzasidan izoh berganicha yo’q. Kreml, deydi sharhlovchilar, yangi prezident inauguratsiyasi bilan band. G’arb davlatlari bilan kelishmovchilik chiqqanda, Rossiya odatda Belarus yonini oladi.

XS
SM
MD
LG