Breaking News

AQSh Makedoniyaning NATOga a'zo bo'lishi tarafdori


AQSh Davlat kotibi Kondoliza Rays Makedoniya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashar ekan, Qo’shma Shtatlar bu mamlakatning NATOga qo’shilish rejasini to’liq qo’llab-quvvatlashini bildirgan. Biroq Gretsiyaning bunga qarshiligi yaqona to’siq bo’lib turibdi.

NATOga yangi davlatning qabul qilinishi uchun a’zo mamlakatlarning hech biri qarshilik bildirmasligi kerak. Biroq Makedoniyaning a’zo bo’lishiga Buxarestdagi sammitda Gretsiya veto qo’ygan. Gap shundaki, Gretsiya shimolida Makedoniya deb nomlangan hudud bor va rasmiy Afina fikricha, Makedoniya Respublikasi o’xshash nom bilan Gretsiyaning o’sha hududiga da’vo qilishi mumkin.

Munozara 1994 yildan buyon davom etadi. Uni hal qilish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti to’rt yil oldin amerikalik faxriy diplomat Matyu Nimitsni maxsus muzokarachi etib tayinlagan edi.

Makedoniya Tashqi ishlar vaziri Antonio Milososki Rays bilan uchrashar ekan ikki davlat o’rtasidagi munozarani tezroq hal qilish uchun BMT qo’shimcha g’ayrat qilishi kerakligini aytgan.

Vashingtondagi uchrashuv davomida strategik sheriklik va hamkorlik borasida qo’shma bayonot chiqarilib unda AQSh tomonidan Makedoniyaning NATOga a’zo bo’lish da’vosi qo’llab-quvvatlangan.

"Makedoniya AQShga do’st davlat. Gretsiya ham do’stimiz. Shuning uchun masala tez orada hal bo’ladi degan umiddamiz," deydi Rays.

Makedoniya vaziri Milososkining aytishicha, uning davlati Iroq va Afg’onistondagi operatsiyalardagi amaliy ishtiroki bilan NATOga a’zo bo’lishga tayyorligini isbotlagan.

"Askarlarimiz NATO kuchlari bilan yonma-yon xizmat qilmoqda. Mamlakatimiz Yevropa barqarorligi va iqtisodiy taraqqiyoti uchun o’z hissasini qo’shmoqchi."

XS
SM
MD
LG