Isroil davlatchilikning 60 yilligini tantana qilmoqda


Bundan 60 yil ilgari 1948 yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarori bilan Isroil davlati tashkil etilgan edi.

Yahudiylar mustaqillik bayramini katta tantana qilar ekan, arablar ushbu sanani “al-Naqba” ya’ni fojia deb ataydi. Qariyb 750 ming falastinlik o’shanda uy-joyidan ayrilgan.

Isroil davlati tashkil etilganiga 60 yil to’lar ekan, bugun 4 milliondan ortiq falastinlik - qochqinlar lagerlarida hayot kechirmoqda.

Hajar G’avanmi o’g’li Muhammad bilan 50 yildan beri Jalazon lagerida yashaydi. Muhammad shu yerda tug’ilgan. Iordaniya daryosining g’arbiy sohilida joylashgan lager hududi 1967 yilda Isroil tomonidan bosib olingan.

Oila yashagan Davayima qishlog’i yangi davlat tarkibiga qo’shib olingan. "Uyimizdan faqat kalit qoldi xolos",- deydi muhojir.

1948 yilda yahudiylar davlati tarkib topgach, ko’p o’tmay arab-Isroil urushi boshlanib, 700 mingdan ziyod falastinlik uyini tashlab ketishga majbur bo’lgan. Ular bugun qo’shni arab davlatlari, g’arbiy sohil hamda G’azo sektorida yashaydi.

Qochqinlar avvalgi uylariga qaytishga ijozat olsa, deydi Isroil rasmiylari, yahudiylar davlati kelajagi mavhumlikka yuz tutadi.

Issam Arruri Ramalloh shahrida huquqiy ko’mak markazini boshqaradi. "Isroil-Falastin ixtilofi aynan qochqinlar masalasiga borib taqaladi",- deydi u.

Jalazon qochqinlar lagerida ko’pchilik vatanidan quvg’in qilinganini, vatangado bo’lganini aytadi.

"O’z yerimizga, avvalgi uyimizga qaytish orzusidan voz kechganimiz yo’q", - deydi yana bir falastinlik.

G’arbiy sohildagi qishlog’ini 1948 yilda tark etgan G’avanmi oilasi “har bir qochqin o’z uyiga qaytishga haqli” degan fikrda. "Lekin buning iloji yo’q",- deydi Muhammad G’avanmi.

Dunyo hamjamiyatining sa’y-harakatlariga qaramasdan, mustaqil Falastin davlatining chegarasi, qochqinlar taqdiri, Quddus shahrining maqomi kabi muhim masalalarga haligacha to’la aniqlik kiritilmadi.

Yarim asr davomida Isroil-Falastin muammosi o’nlab xalqaro anjumanlarda muhokama qilindi, nom chiqargan arboblar tinchlik o’rnatishga harakat qilib ko’rdi. Biroq urinishlar samara bermadi. Hudud bugun olovli nuqta bo’lib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG