Amerika Xitoyning harbiy xarajatlari oshayotganidan xavotirda


AQSh Xitoydan mudofaa xarajatlari va harbiy maqsadlari haqida to’liqroq ma’lumot berishni so’ramoqda.

AQSh admirali Timoti Kitingning aytishicha, Xitoy o’zini o’sib borayotgan tinch mamlakat deb tanishtiradi-yu lekin murakkab, yuqori texnologiyali qurollar ishlab chiqarmoqda.

Xitoy harbiy xarajatlari yiliga 15 foizga o’sib bormoqda. Mamlakat Xaynan orolida zamonaviy harbiy dengiz bazasi va harbiy samolyotlarni tashuvchi kemalar qurishni mo’ljallayapti.

“Qo’shma Shtatlar Osiyoda harbiy nufuzini hech kimga boy bermaydi”, - deydi admiral Timoti Kiting. “Rasmiy Pekin harbiy qudratini oshirish o’rniga, Tinch okeani mintaqasida tinchlikni saqlash uchun AQSh va uning ittifoqchilari bilan hamkorlik qilgani ma’qul”.

"AQSh va Xitoy harbiy sohada hamkorlikni rivojlantirishi, soha sir-asrorlarini bir-biri bilan bo’lishishi muhim. Shu maqsaddaki, Xitoy AQShga harbiy jihatdan tenglashaman degan xayolga bormasin", - deydi AQSh qo’mondoni.

Pentagon hisobicha o’tgan yili Xitoy harbiy byudjeti deyarli 140 milliard dollarni tashkil etgan, ammo rasman 45 milliard dollar deb e’lon qilingan. Raqamlar mavhum, lekin asosiy masala bu sarf-xarajatning dushmanlik ruhi bilan sug’orilganida, deydi harbiylar.

Admiral Kiting hozircha AQSh va Xitoy o’rtasida jiddiy adovat yo’q deydi. Xitoy rasmiylari ham maqsad faqatgina mudofaa deya AQShni ishontirishga urinmoqda.

Rasmiy Pekin Pentagonni Xitoy haqidagi raqamlarni bo’rttirib ko’rsatayotganlikda va shu yo’l bilan Tayvanga qurol-aslaha sotishni rejalayotganlikda ayblaydi.

XS
SM
MD
LG