Olimpiya o'yinlari: sport va siyosat ustida bahslar avjida


Olimpiya o’yinlari oldidan jahon e’tibori Xitoyga qaratilgan ekan, turli siyosiy guruhlar bu imkoniyatdan foydalanib rasmiy Pekinni mamlakatdagi huquq ahvolini yaxshilashga undamoqda.

"Olimpiya o’yinlarini siyosatga aralashtirmang",- deydi ba’zilar, biroq tarixda buning aksini isbotlovchi misollar ko’p.

Olimpiya o’yinlari ishtirokchisi, suzuvchi Nikki Drayden “Darfur Guruhi”ga a’zo. 300 sportchidan iborat bu guruh Darfurdagi vaziyat hamda Xitoyning bu davlat bilan aloqalariga e’tiborni jalb qilmoqda.

“Olimpiya o’yinlariga mezbon mamlakat tanlanayotganda, Xitoy sport ahliga katta va’dalar bergan edi. Olimpiya o’yinlari prinsiplari, ya’ni tinchlik va insoniylikni targ’ib qilamiz degan edi. Darfurdagi ahvol buning tamoman aksi axir”, - deydi sportchi.

Darfur, Tibet, Xitoydagi inson huquqlari ahvoli yoki boshqa bir mavzu bo’ladimi, turli guruhlar fursatdan foydalanib rasmiy Pekin siyosatiga qarshi namoyishlar uyushtirmoqda.

Fransiya, Qo’shma Shtatlar va boshqa davlatlarda namoyishchilar Olimpiya mash’alining yo’lini to’sdi.

Bu esa o’z navbatida Xitoy ommasining noroziligiga sabab bo’ldi. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Tsiang Yu yozgi o’yinlar siyosatdan xoli bo’lsin deydi.

“Biz guvoh bo’lgan voqealarni namoyish deb tasvirlab bo’lmaydi. Olimpiya mash’aliga qarshi beshafqat hujum bu”, - deydi Xitoy rasmiysi.

AQSh prezidentligiga nomzodlar esa Jorj Bushni Xitoyga munosib javob berishga undab kelmoqda.

Xillari Klinton nazarida prezident Olimpiya o’yinlarining ochilish marosimiga bormasligi lozim.

“Prezident o’yinlarga taklifnomani rad etgani ma’qul… Uning o’rnida bormagan bo’lardim”, - deydi senatorlar Barak Obama va Jon Makkeyn.

Bushning o’zi boshqacha fikrda. Prezidentga ko’ra, Olimpiya o’yinlari siyosatdan yiroq va sport bayramidir.

Biroq Olimpiya musobaqalari siyosiy maqsadlarda ko’p qo’llangan, deydi tarixchi Deyvid Valechinskiy.

“Olimpiya o’yinlari ham, siyosat ham bu dunyo ishlarining bir qismi. Ularni bir-biridan ajratish qiyin”, - deydi olim.

Bu so’zlarning isboti sifatida Valechinskiy 1936 yilda Olimpiya o’yinlari Adolf Gitler boshqaruvi ostida Berlinda o’tganini qayd etadi.

“Gitlerning hokimiyatga kelgani sport olamida ancha tortishuvlarga sabab bo’lgan. O’yinlarni boshqa joyga ko’chiramizmi? Balki boykot qilish kerakdir?” degan takliflar olg’a surilgan. Lekin oxir-oqibat Olimpiya musobaqalari natsistlar Germaniyasida o’tkazilgan”, - deydi tarixchi.

1936 yilda afro-amerikalik sportchi Jesse Ovens “oq tanlilar” oliy irq degan g’oyani chetga surib, 4 oltin medalni qo’lga kiritgan.

1968 yilgi o’yinlarda amerikalik ikki sportsmen Tommi Smit va Jon Karlos g’alaba qilib, AQShda qora tanlilarga qarshi diskriminatsiya nishonasi sifatida qo’llarini ko’targan.

1972 yilda Myunxenda falastinlik terrorchilar isroillik 11 sportchini o’ldirgan.

Sovet qo’shini Afg’onistonga kirgach, 1980 yilda AQSh Moskvada o’tgan o’yinlarni boykot qilgan.

1984 yilda esa Sovet Ittifoqi AQSh mezbon bo’lgan o’yinlarga xuddi shunday javob qaytargan. Siyosiy faollarning aytishicha, o’tmishdan saboq shuki boykotlar bilan odatda siyosiy maqsadlarga erishib bo’lmaydi.

“Ulardan sportchilar aziyat chekadi”, - deydi Nikki Drayden.

“Boykot bilvosita sportchilarni jazolaydi. Ular mahoratini ko’rsatish uchun butun umr tayyorlanadi, Olimpiya o’yinlarini kutadi. Bu tadbirni buzmoqchi emasmiz, o’yinlardan zavqlanish kerak”.

“Darfur Guruhi”, - deydi Drayden, "Olimpiya ishtirokchilarini boykotga emas, inson huquqlari haqida ochiq gapirishga undaydi".

XS
SM
MD
LG