O'zbekiston NATO bilan hamkorlikdan nima kutmoqda?


So’nggi paytda O’zbekiston matbuoti NATO va O`zbekiston aloqalariga katta e’tibor qaratmoqda.

O`zbekiston hukumati NATO bilan hamkorlikka Afg'onistondagi vaziyatni yaxshilovchi, xavfsizlikni ta’minlovchi va rasmiy Toshkentni izolyatsiyadan chiqaruvchi omil sifatida qaraydi.

Jamoatchilik esa bu hamkorlik mamlakatda inson huquqlari va siyosiy erkinlikka ijobiy ta`sir etadi deb umid qiladi.

O`zbekiston matbuotida NATO bilan hamkorlikka oid maqolalar, asosan mamlakat prezidentining Buxarestda o`tgan NATO sammitidagi ishtiroki bilan bog`liq.

Mazkur sammitda O`zbekiston noharbiy yuklarni Afg`onistonga yetkazishda NATOga mamlakat temir yo`llaridan foydalanishga rozilik berdi.

O`zbekiston prezidenti Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida AQSh, Rossiya va mintaqada davlatlari ishtrirokida tuzilgan guruhni NATO ishtirokida qayta tiklashga chaqirdi.

Sharhlovchilar fikricha, O`zbekiston prezidentining NATO sammitiga taklif qilinishi Andijon fojealaridan keyin yakkalab qo’yilgan rasmiy Toshkentga nisbatan G`arb munosabati iliqlashganini ko`rsatadi.

Ferghana.ru axborot sayti ma`lumotiga ko`ra, NATO Samarqand viloyatining Oqtosh tumanida radioaktiv chiqindilarni zararsizlantirishga ixtisoslashgan zavod qurishni rejalamoqda. Xabarda sovet davrida Oqtoshda kosmik raketalar chiqindilari tashlangani, zavod shu yilning sentyabr oyida ishga tushishi ta`kidlanadi.

Sharhlovchi Toshpo`lat Yo`ldoshevning aytishicha, kosmik chiqindilar haqida ma’lumotlar biroz mubolag`a bo`lishi mumkin, lekin shunday zavod quriladigan bo`lsa, O`zbekistondagi uran chiqindilarini qayta ishlashga xizmat qilishi mumkin.

“Biz uran xomashyosini ishlash bo`yicha dunyoda yettinchi o`rinda turamiz. Endi shu xomashyoni, reaktordan chiqqan chiqindilarni qayta ishlash, undan yana mahsulot olish uchun muzokaralar olib borayotgan NATOdan sarmoya talab qilayotgan bo`lishi mumkin. O`zbekistondagi zaxiralar zavod qurish, uni ta`minlashga qurbi yetmaydi. G`arbdan, AQShdan chiqindilarni keltirish va qayta ishlash ham nazarda tutilayaotgan bo`lishi mumkin, chunki Yevropa chiqindilarni qayoqqa ko`mishni bilmay turibdi. O`zbekistonga ko`proq pul beradigan bo`lsa, bu chiqindilarni qayta ishlash va saqlashga rozilik berishi ham mumkin”, - deydi sharhlovchi Toshpo`lat Yo`ldoshev.

O`zbekistonda ommaviy qirg’in qurollarida ishlatiladigan bir necha turdagi xavfli va yuqumli kimyoviy moddalar saqlanadi.

Sovet davrida Qoraqalpog`istondagi “Borsa kelmas” orolida kimyoviy qurollarni sinovdan o`tkazuvchi maxsus poligon ishlagan. Bu joyda ommaviy qirg`in qurollari tarkibiga kiruvchi o`ta xavfli chiqindilar va kimyoviy moddlar ko`mib tashlangan.

Ma`lumotlarga ko`ra, Orol dengizi qurib kimyoviy chiqindilar ko`milgan joyning katta yer bilan tutashishi xatarli vaziyatni yuzaga keltirgan.

NATO O`zbekistonda inson huquqlari va demokratik vaziyatga qanchalik e’tibor qaratishi bahstalab mavzu. Andijon fojealari paytida NATO ma`muriyati rasmiy hukumatni kuch ishlatishda ayblagan.

Buxarestdagi sammitdan avval esa NATO vakillari O`zbekistonda inson huquqlari borasida ijobiy qadamlar tashlanganini ta`kidladi.

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi raisi o`rinbosari Po`lat Oxunning aytishicha, bugun NATO bilan munosabatlar ko`proq Afg’onistondagi vaziyatga bog`lab tiklanmoqda, biroq G`arb avvalgi munosabatlardan xulosa qilgan holda hukumatga aniq talablar qo`yishi kerak.

“Siyosiy mahbuslar qanday ozod qilingan bo`lsa, yana shunday qamab qo`yilishi mumkin. Bu siyosatni O`zbekiston hukumati avval ham qo`llagan. Lekin Ga`rb va AQSh O`zbekiston hukumati aniq ijobiy qadamlar qo`yishini istasa, muxolifatni legallashtirish masalasini ko`tarishi kerak, shu yo`nalishda ish olib borishi kerak. Shundagina haqiqiy o`zgarishlar bo`lishi mumkin”, - deydi Po’lat Oxun.

Sharhlovchilar nazarida so`nggi paytda rasmiy Toshkentning G`arb va NATO bilan aloqalarida iqtisodiy manfaatlar va xavfsizlik masalalari ustunlik qilmoqda.

XS
SM
MD
LG