Og'ir iqtisodiy sharoit o'zbekistonlik ayollarni xorijga haydamoqda


Sharhlovchilarning aytishicha, mavjud repressiv siyosat, qatag’onlar, iqtisodiy qiyinchiliklar asorati ayniqsa o`zbek ayoli taqdirida og’ir aks etmoqda.

Yaqinda uch yil to`layotgan Andijon fojealari qochqinlari orasida ham ayollar ko`pchilik edi.

Ma`lumotlarga ko`ra, ko`pining farzandlari O`zbekistonda qolgan, ayollar nafaqat qochqinlikka, balki o`z yaqinlari, farzandlaridan ayrilishga ham majbur bo’lgan.

Hozirgacha ayrim qochqinlar O`zbekistonga qaytgan. Yaqinda rasmiy ayblovga ko`ra Andijon fojealari tashkilotchisi sanalgan Akrom Yo`ldoshevning xotini Yodgoroy Yo`ldosheva ham bir guruh ayollar bilan O`zbekistonga qaytgani haqida ma`lumotlar paydo bo`ldi. Biroq bu ma`lumot tasdig`ni topganicha yo`q.

Farg`onalik huquq himoyachisi Abdusalom Ergashevning so’zlariga qaraganda, u Yo`ldosheva qaytgani haqidagi ma`lumotni eshitgan, xolos.

“Andijondan, nafaqat mustaqil jurnalist, balki mahalliy jurnalistning ham biror ma`lumot olishi qiyin, juda og`ir. Qochqinlarda ham hozirgacha ma`lumot berishga intilish kuzatilmagan,” - deydi Abdusalom Ergashev.

O`zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov fikriga ko`ra, Andijon fojealari paytida Bobur maydonidagi namoyishchilarning ko`pini ayollar tashkil etgan.

“Ular xorijda ming yaxshi yashagani bilan, farzandlarini ko`rish uchun O`zbekistonga intilayapti. Anig`i shuku, o`sha fojea kuni namoyishda ko`proq ayollar bo`lgan,” - deydi u.

Surat Ikromov AQShdan qaytgan qochqinlarning ayrimlari keyinchalik yana mamlakatdan chiqib ketgan deydi.

“O`zbekistonga qaytganlarning bir qismi keyinchalik Qozog’istonga va Qirg’izistonga chiqib ketgan. Bu ularga nisbatan taz’yiq ko`rsatilganidan darak beradi. Akrom Yo`ldoshevning ayoli bilan ham shunday bo`lishi mumkin. Balki televideniye orqali kechirim so`rashga majburlashlari mumkin,” - deydi Ikromov.

Keyingi paytda ish qidirib chetga chiqib ketishayotgan o`zbek ayollari ko`paymoqda.

Huquq himoyachisi Abdusalom Ergashev avvallari o`zbeklarning yurtni tashlab chiqib ketayotganini uchratish qiyin edi deydi.

“Nima qilamiz endi, boshga tushganini ko`z ko`rar ekan, ko`pchilik hozir nafaqat qatag`onlar, balki iqtisodiy qiyinchiliklar bois ham yurtdan ko`chib ketmoqda. Ularning ko`pchiligi ayollar, Rossiyaga, Qozog`istonga ketishayapti. Yaqinda Janubiy Koreyaga mardikorlikka ketayotganlar suhbatdan o`tdi, unda qatnashganlarning uchdan birini ayollar tashkil qiladi,” - deydi Abdusalom Ergashev.

Asosan, Rossiya va Qozog’istonga ketayotgan o`zbek ayollarini hayoti og’ir. Ayrimlari qullikka tutilayotgan bo`lsa, ayrimlari jinoyatga qo`l urushga majbur bo`lmoqda.

Rossiya matbuoti avval o`z farzandini sotishga majbur bo`lgan o`zbek ayoli haqida yozgan bo`lsa, yaqinda o`z farzandini tilamchilik qilishga majburlagan o`zbekistonlik ayolning javobgarlikka tortilgani haqida ma`lumot tarqatdi.

Sharhlovchilar nazarida O`zbekistondagi ishsizlik, og’ir iqtisodiy sharoit o`zbek ayollarini tirikchilik yuritish uchun erkaklar bilan bir qatorda turishga, muhojirlikning og`ir sharoitlariga majbur etmoqda.

XS
SM
MD
LG