Amerika tashqi siyosatida qanday o'zgarishlar kutilmoqda?


AQShda prezident saylovlariga sanoqli oylar qoldi. Mamlakat tashqi siyosatida qanday o’zgarishlar bo’lishi xususida munozaralar avjida.

4 noyabrga belgilangan saylovda respublikachilar nomzodi aniq – 72 yoshli senator Jon Makkeyn. Demokratlardan esa senator Barak Obama nomzodlikni qo’lga kiritishi taxmin qilinmoqda.

Siyosatshunos Piter Baynartning aytishicha, respublikachilar va demokratlar tashqi siyosatga hamisha turlicha yondashib kelgan.

“Demokratlar xalqaro hamkorlikni ustun qo’yadi. Respublikachilar nazarida esa mojarolarga boy dunyoda AQSh boshqalarga nisbatan ancha ustun bo’lishi kerak. Respublikachilar dunyoni AQShga ittifoqchi va dushman davlatlarga bo’lib siyosat yuritadi”, - deydi Baynart.

Saylovlarda respublikachilar g’alaba qozonsa, Eron, Xitoy va Rossiya qudratini bir maromda ushlab turishga harakat qiladi. Demokratlar global xavfsizlik masalalarida xalqaro hamkorlikka tayanadi.

Iroq masalasida esa, deydi mutaxassis, respublikachi Makkeyn prezident bo’lsa Amerika qo’shinlarini Iroqda hali uzoq ushlab turadi. “Demokrat g’olib chiqsa, ular qo’shinlarni vatanga qaytarishga harakat qiladi. Biroq buning oqibatida Iroqdagi vaziyat yomonlashishi mumkin”.

Tahlilchi Deyvid Fram fikricha Jon Makkeyn olg’a surayotgan siyosat hozirgi rahbarnikidan deyarli farq qilmaydi.

“Avvalambor, Iroqdagi siyosat o’zgarmaydi. AQSh Iroqda zo’ravonliklarni to’xtatishga, markaziy hukumatni kuchaytirishda davom etadi. Eron yadro masalasiga Makkeyn Bushdan ko’ra jiddiyroq yondashadi. AQSh-Hindiston aloqalari kuchayadi”, - deydi Fram.

Merilend Universiteti professori Shibli Telhamining aytishicha Oq Uyga kim kelishidan qat’iy nazar, yangi prezident oldida ikki muhim vazifa turibdi.

“Birinchisi Iroq. Qo’shinlarni chiqarish haqida gap ko’p lekin hech kim ularni qisqa muddat ichida chiqara olmaydi. Bunga birinchi prezidentlik muddati to’liq sarflansa kerak. Ikkinchi vazifa - iqtisodiyotni yaxshilash. Bundan tashqari, yadro qurolini tarqatmaslik masalasi, xalqaro terrorizm, al-Qoidaga qarshi kurash”.

Shibli Telhami fikricha Bush ma’muriyati yetarlicha e’tibor qaratmagan arab-Isroil mojarosi demokrat prezidentning kun tartibidan muhim o’rin egallashi mumkin.

XS
SM
MD
LG