"Jahon Andijon qirg'inini unutmasligi lozim"


Andijonda tinch aholining hukumat qo’shinlari tomonidan o’qqa tutilganiga roppa-rosa uch yil to’lyapti. Ayrim mutaxassislar fikricha, Andijon voqealari asta-sekin omma xayolidan ko’tarilmoqda va bu hukumatga qo’l kelmoqda.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Xyuman Rayts Uotch (Human Rights Watch) tashkiloti bugun yangi hisobot chiqarib, O’zbekiston hukumatini Andijon voqealari guvohlariga tazyiqni kuchaytirganlikda ayblagan.

Human Rights Watchning Andijon voqealari bo’yicha chiqargan navbatdagi hisoboti 2005 yil 13 may voqealari ishtirokchilari deb bilingan kishilarga qarshi hukumat repressiyalari haqida.

Hisobot muallifi Anna Naystatning aytishicha, rasmiy Toshkent Andijon voqealari bo’yicha haqiqatni yashirishda davom etmoqda.

"O’zbekiston hukumati Andijon voqealarini jahon hamjamiyati xotirasidan o’chirib tashlashga imkon qadar chora ko’ryapti va qisman buning uddasidan chiqyapti. Andijon qirg’inidan so’ng Yevropa Ittifoqi tomonidan joriy etilgan sanksiyalar ikki yil o’tib yumshatilgan. Hukumat Yevropa davlatlarini inson huquqlariga e’tibor kuchaytirilayotganiga ishontirishga harakat qilyapti."

Biroq aslida, deydi Naystat, hukumat Andijonda o’sha kuni aynan nima bo’lganidan xabardor fuqarolarni nazorat ostiga olib, o’z sirini yashirishga urinyapti.

"Qochqinlar bilan suhbatdan shu narsani bildikki, hukumat tazyiqni kuchaytirgan. Qochqinlar yaqinlariga nisbatan, voqea guvohlariga nisbatan, hukumat va’dalariga uchib mamlakatga qaytganlarga nisbatan."

Andijon voqealaridan so’ng 500 ga yaqin kishi avval Qirg’izistonga qochgan, so’ng Ruminiyaga, undan nari esa uchinchi davlatlarga yuborilgan. So’nggi paytda yuzdan ortiq kishi O’zbekistonga qaytib borgan. Ayrimlari oilaviy sharoit sabab, boshqalari esa hukumat ularga tegmaslikka va’da berganidan keyin. Ammo vatanga qaytib borgach, ular doimiy nazorat ostiga tushib qoldilar, ayrimlari so’roq paytida qo’pol muomalaga uchragan. Natijada, deydi Anna Naystat, ularning ba’zilari O’zbekistonni takroran tashlab chiqishga majbur bo’ldi.

Human Rights Watch vakilining aytishicha, qochqinlarning yana bir toifasi – bu asosiy guruhga qo’shilmay turli vaqtda qo’shni davlatlarga chiqib ketib qochqinlik maqomini so’raganlar.

"Ularning ahvoli ham og’ir, chunki O’zbekiston xavfsizlik kuchlari ularni qo’shni davlatlarda ham tinch qo’ygani yo’q. Qozog’iston, Rossiya, Qirg’iziston xalqaro majburiyatlariga xilof holda ularni O’zbekistonga majburan qaytarmoqda."

Tashkilot hisobotida aytilishicha, hukumat mamlakatga qaytgan qochqinlar orqali xorijda qolgan qochqinlarni ham qaytarishga urinyapti va barchasi qaytib kelgach, qatag’on yanada kuchayishi mumkin.

Human Rights Watch Andijonda qurollangan isyon bo’lganini, qamoqxona ishg’ol etilganini va odamlar garovga olinganini inkor etayotgani yo’q.

Ammo, deydi tashkilot vakili, hukumat ayni vaziyatda faqatgina isyonga aloqador kishilarga qarshi harakat qilmay, Bobur maydoniga to’plangan yuzlab tinch fuqarolarni ham o’qqa tutgan.

"Ertami-kech, sir ochiladi, qirg’inni cheksiz yashirish mumkin emas. Uni isbotlovchi ko’plab hujjatlar, guvohlar ko’rsatmalari bor. Xavfsizlik kuchlari tomonidan qirg’in tasvirga tushirilgan videotasma mavjud. Voqealar ortida turgan rasmiylar ham bir kun kelib haqiqatni so’zlasa ajab emas, deydi hisobot muallifi."

Human Rights Watch AQSh va Yevropa Ittifoqiga Andijon voqealarini unutmaslikni, O’zbekiston hukumatidan xolis xalqaro tergov o’tkazishga imkon berishni va tazyiqlarni to’xtatishni talab qilishni tavsiya qiladi.

13 may kuni AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Komissiyasi, ya’ni Xelsinki Komissiyasi AQSh Kongressida Andijon voqealarining uch yilligi bo’yicha brifing o’tkazadi.

XS
SM
MD
LG