Amerika hali ham erkinliklar mamlakatimi?


Dunyo bo’ylab inson huquqlari qanchalik hurmat qilinishini tahlil qiluvchi xalqaro tashkilot - Freedom House (Ozodlik Uyi) diqqatni Qo’shma Shtatlarga qaratmoqda.

Terrorga qarshi urush amerikaliklar uchun nafaqat moliyaviy jihatdan, balki huquq va erkinlik bobida ham qimmatga tushmoqda deya bildiradi AQShda asoslangan bu tashkilot.

Prezident Jorj Bush va uning ma’muriyati fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari bilan ular ruxsatisiz tanishish va telefon muloqotlarini yashirin tarzda kuzatib borish siyosati bilan chiqqan. Qonunga qisqacha Vatanparvarlik Akti deya nom berilgan.

Uinston Vorli 30 yildan oshibdiki, urushga qarshi targ’ibot ishlari olib boradi.

1970-yillarda AQShning V’yetnamda olib borgan urushini qoralab chiqqan edi. Insonlarning hukumatga “yo’q” deyishga haqqi bor deydi u.

”O’z fikrimni erkin bildira olishim shart. Qonunni buzayotganim yo’q. Amerika insonni, uning huquqini qadrlaydigan davlat”.

Amerikaliklar uchun erkinlik turlicha ma’no kasb etadi.

"Mehnat qilib, pul topish; istagan narsangni olish, xohlagan joyga borish, fikr-mulohazangni ochiq ayta olish…"

Ozodlik Uyi, Vashingtonda asoslangan nohukumat tashkilot, terrorizmga qarshi kurash fuqarolar huquqini yemirmoqda deya xavotir bildirgan.

Tashkilot nazarida Amerika e’tiqod va matbuot erkinligini hamon yuksak o’ringa qo’yadi.

Ammo keksa jurnalist Xelen Tomas 2001 yilning 11 sentabridan keyin odamlar va matbuot ko’p narsadan xavfsirab qolgan deydi.

"Ba’zi odamlar biror narsa desam, "meni Amerikaga qarshi gapiryapti" deb o’ylashadi deya qo’rqadi".

1940-yillardan beri jurnalistlik qilib kelayotgan Xelen Tomas hukumat fuqarolarni zimdan kuzatmoqda, yashirin operatsiyalar olib bormoqda deydi.

Yana bir jurnalist Bob Edvards Bush ma’muriyatini qiynoqlarda ayblaydi.

"Sobiq prezident Franklin Ruzvelt qiynoqqa ruxsat bermagan bo’lardi…”,- deydi Edvards.

Fuqaro saylovda o’zi istagan odamga ovoz bera olishi kerak. Bu huquq demokratik asosiy talablaridan biri.

Ozodlik Uyi xodimi Stuart Eyzenstat Amerika saylov tizimida qator muammolar bor, ularni tuzatish kerak deydi.

"Kambag’al aholiga e’tibor past. Kompyuter tizimlari orqali berilgan ovozlar to’g’ri sanalmaydi. Qamoqda o’tirganlar ovoz bera olmaydi. Yana boshqa ko’plab muammolar. Natijada odamlarning xafsalasi pir bo’lib, ovoz bermaydi”.

Vaziyatni o’rganib chiqqan tadqiqotchilardan yana biri Tomas Melia amerikaliklar uchun o’z fikr va qarashiga ega bo’lish va uni erkin ifoda eta o’ta muhim erkinlik deydi.

”Qo’shma Shtatlar demokratik huquq va erkinliklar uchun uzoq vaqt kurashgan. Ularning qadrini yaxshi tushunadi va jamiyat ular asosida qurilgan. Har bir avlod ular uchun ter to’kkan”.

Bush ma'muriyati yuqoridagi ayblovlarni rad etib, faqatgina gumon ostidagi odamlar kuzatiladi va davlat xavfsizligi huquq va erkinliklardan ustun qo'yilmaydi deya qayd etmoqda.

XS
SM
MD
LG